EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA
Buxoro viloyati Jondor tumanida joriy yilda 384 ta fermer xoʻjaligining 6 ming 714 gektar yer maydonida gʻalla yetishtirilmoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumanida joriy yilda 384 ta fermer xoʻjaligining 6 ming 714 gektar yer maydonida gʻalla yetishtirilmoqda. Mirishkorlar har gektaridan hosildorlikni 70 sentnerga oshirish taraddudida mehnat qilmoqda. Bundan yalpi koʻtariladigan xirmon esa 46 ming 998 tonnadan kam boʻlmasligi rejalashtirilmoqda.
Paxtachilik sohasida esa tumandagi 396 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi 11 ming 680 gektar maydonda chigit ekishni sifatli yakunlash koʻzda tutilgan. Yil yakuniga borib, tuman paxtakorlari yalpi xirmon – 38 ming 200 tonnalik “oq oltin” xirmoni yaratish niyatida.
Hududda faoliyat olib borayotgan fermer xoʻjaliklari “Romitex” MCHJ agroklaster korxonasi bilan shartnoma tuzgan.
Karantin kunlariga qaramasdan, jondorlik dehqonlar ishlarini bir kunga ham susaytirmasdan, belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarishga kirishgan. Talab etiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻini shartnoma asosida yetkazib berish, dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqa yer uchastkalarida kafolatlangan hosil yetishtirishda zarur texnika va mexanizmlar, ularga yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, kimyoviy vositalar hamda mineral oʻgʻitlarni belgilangan tartibda yetkazish, qolaversa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish va ularning eksportini tashkillashtirishda “Muhammadali tomorqa xizmati” MCHJ zimmasiga ham alohida vazifa yuklatilgan.
Jondor tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida tashkil etilgan “Muhammadali tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan oʻtgan yilda kam taʼminlangan 57 ta oilaga subsidiya ajratish hisobidan 1,3 gektar yer maydonida qurilgan issiqxonalarga 74 million soʻm qiymatdagi jami 53 ming 400 tup bulgʻor qalampiri koʻchati bepul tarqatilgan.
Oʻtgan yil avgust oyida Kengash ochiq maydonlarga moʻljallangan sovuqqa chidamli eksportbop qulupnay koʻchatini 154 nafar ishsiz aholi xonadoniga bepul tarqatdi. Natijada qariyb 3 gektar maydonga 88 million soʻmlik 118 ming tup qulupnay koʻchati ekishga erishildi. Bu esa ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalar ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Oʻtgan 2019-yilgi dehqonchilik mavsumida shartnoma asosida fermer, dehqon xoʻjaliklaridan 150 tonna tariq mahsuloti sotib olindi. Shundan 141 tonna tariq mahsuloti eksport qilindi. Shu bilan birga, 244 nafar imkoniyati cheklangan va kam taʼminlangan tomorqa yer egalari, shuningdek, ish bilan band boʻlmagan aholi roʻyxati shakllantirilib, ularni qoʻllab-quvatlash uchun 181 ta koʻmaklashuvchi fermer xoʻjaliklar biriktirilgan.
Joriy yilda ham ana shu kabi ishlar davom ettirilib, hozirga qadar MCHJ tomonidan aholining kam taʼminlangan qismiga jami 20 ming tup pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon koʻchatlari uyma uy yurib bepul tarqatildi. Bundan tashqari, hududda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 8 ta fuqarolar yigʻini alohida tarmoq asosida muayyan mahsulotga ixtisoslashtirilayotgani ham oqilona tashabbus sifatida qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Tumandagi mahallalarda uzumchilik, anorchilik, sabzavotchilik, hunarmandchilik (tandirsozlik, zardoʻzlik), limonchilik, asalarichilik, koʻchatchilik va tikuvchilik rivojlantirilmoqda.
Kengash hamda “Muhammadali tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan aholi tomorqasida yetishtirilgan mahsulotlarni shartnoma asosida sotib olish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash hamda koʻshni Qozogʻiston, Tojikiston va Rossiya davlatlariga eksport qilish harakatlari joriy yilda ham davom ettiriladi. “Tomorqa – daromad manbai” shiori ostida ayni kunda shartnomalar imzolanmoqda. Qolaversa, dehqonga koʻmaklashish maqsadida joriy mavsum dastlabki choragidan aholiga ajratilayotgan subsidiya mablagʻi tufayli tumanda 23 ta issiqxonaga 15 ming 750 tup pomidor koʻchati bepul tarqatildi. Hozirgi kunda Kengashning jamgʻarma fondi hisobidan kredit mablagʻi asosida har biri 3 sotixli, ikki yarusli issiqxonalar qurib berilmoqda. Shu yil oʻtgan uch oyida ularga sabzavot mahsulotlari sara urugʻliklari bilan birga ochiq tomorqa va hovlilarda parvarishlash uchun jami 19 ming 437 tup har xil mevali koʻchatlar ham tarqatildi.
Shuningdek, tumandagi kam taʼminlangan, nogironi bor xonadonlarga urugʻ va koʻchat yetkazib berish bilan birga tomorqa yer maydonlarini motokultivatorlar bilan haydab berish ishlari amalga oshirilmoqda. Tumanda dehqonchilikqilish istagini bildirgan, ishsiz, kam taʼminlangan oilalardan 60 tasiga jami 2,8 gektar yer maydoni ajratildi.
“Qars ikki qoʻldan chiqadi” deganlaridek, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan qulayliklar barobarida aholining tomorqa yerlaridan qay darajada unumli foydalanayotgani ham izchil oʻrganilmoqda. Xususan, kuni kecha “Jondor” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, aholining tomorqa yerlaridan foydalanish ahvoli koʻzdan kechirildi. Tomorqasida ixcham issiqxona tashkil etgan oʻnlab oilalarda pomidor, bodring, baqlajon, bulgʻor qalampiri, karam yetishtirilayotgani albatta, oʻz samarasini beradi.
–Biz uyda toʻqqiz sotix maydonda issiqxona tashkil qilganmiz, – deydi Jondor qishlogʻida yashovchi fuqaro Bahrom Arabov. – Issiqxonada asosan pomidor, bodring, baqlajon, bulgʻor qalampiri, karam yetishtiramiz. Bir yilda uch marotaba hosil olib, roʻzgʻordan ortganini bozorga ham chiqarishga, shu mehnat orqasidan daromad qilishga ham erishyapmiz. Joriy yilda ham mana shu issiqxonadan 100 million soʻm foyda olishni koʻzlagan holda oilamiz bilan harakatni boshlab yuborganmiz. Aytmoqchimanki, tomorqaning har bir qarichi daromad kaliti, faqat undan omilkorlik bilan foydalanishni, mehnat qilishni bilish kerak.
Tumandagi “Aleli” MFY da istiqomat qiluvchi fuqaro Muhiddin Fozilov xonadonidagi tomorqa yeri ham koʻrsa havas qilgulik darajada. Undagi kartoshka, pomidor, bodring, sabzi, piyoz, sarimsoq, karam, baqlajon hamda qulupnay koʻchatlari bir meʼyorda rivojlanmoqda. Xonadon mirishkorlari roʻzgʻor uchun nimaiki zarur boʻlsa, shu yerda yetishtirishga odatlanishgan. Nafaqat oʻzlari, qoʻni-qoʻshni ham bundan bahramand ekani maqsadga muvofiq. Zero, yurtimizda ana shunday, yer bilan “tillashadigan” omilkorlar safi kengayishi kerak.