Ekzotik ilon hayvonot bog‘iga topshirildi
Tabiat jonkuyarlari Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 5 noyabrdagi “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida o‘rganish olib borayotganida Angor tumanida ekzotik ilonni qonunga zid saqlab kelayotgan shaxsni aniqladi.
Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, Madaniyat mahallasida yashaydigan J.Toshniyozov yirik bo‘g‘ma ilonlar oilasiga mansub, chamasi 10-15 yoshlardagi urg‘ochi yo‘lbars pitonni xonadonida saqlab, ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirish va sirk tomoshalarida foydalanib kelgan.
Ekzotik ilon ixtiyoriy ravishda Termiz hayvonot bog‘iga topshirildi. Bu yerda mutaxassislar noyob jonivorni belgilangan tartibda karantinga oldi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri