Ekvator jangchilari - Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi
Kongo Demokratik Respublikasi O'zbekiston bilan bir guruhdan joy olgan.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlari Jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Turnirning "K" guruhidan Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekiston terma jamoalari bilan bir qatorda Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi ham joy oldi.
Kongo terma jamoasi tarixi
Kongo futbol federatsiyasi 1919-yilda hali mustaqillikka erishishlaridan avval tashkil topgan. Biroq o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1948-yilda o‘tkazgan. O‘shanda ularga hozirda Zambiya nomini olgan Shimoliy Radeziya terma jamoasi raqiblik qilgan. Uchrashuv Kongoning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Terma jamoa o‘zining eng yirik g‘alabasini 1969-yilda Zambiyaga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritgan 10:1. Eng yirik mag‘lubiyatini esa 1974-yilda Yugoslaviyadan qabul qilib olgan. Uchrashuv Yevropa qit’asi vakillarining 9:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Ayni vaqtda Kongo terma jamoasi FIFA reytingida 48-pog‘onani band etib turibdi.

Jahon chempionatidagi ishtiroki
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi o‘z tarixida faqatgina 1 marta ishtirok etgan. 1974-yilda G‘arbiy Germaniya mezbonligida o‘tgan mundialda Kongo o‘z debyutini amalga oshirgan. Biroq u vaqtlar Kongo terma jamoasi Zair nomi bilan Jahon chempionatida ishtirok etgan edi. Mundialda Zairga Braziliya, Yugoslaviya hamda Shotlandiya terma jamoalari raqiblik qilgan. E’tiborga molik tomoni guruh bosqichidagi har uchala uchrashuvda ham Zair raqiblari darvozasini ishg‘ol qila olmagan. Dastlabki turda Shotlandiyaga 0:2, ikkinchi turda Yugoslaviyaga 0:9 va so‘nggi turda Braziliyaga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Shu tariqa, Kongoning debyutida juda ham omadsiz tarzda yakun topgan. Oradan 52-yil o‘tib Afrika qit’asi vakillari mundial chiptasini qo‘lga kiritdi. Qit’alararo pley-off bosqichida ishtirok etgan Kongo terma jamoasi Yamaykani minimal hisobda g‘alaba qozondi. Shu tariqa ular tarixlarida ikkinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etadi.

Terma jamoaning yutuqlari
Kongo terma jamoasi 2 marta Afrika Millatlar kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Dastlab, 1968-yilda Efiopiya mezbonlik qilgan Afrika kubogida Zair terma jamoasi chempionlikni tantana qilgan bo‘lsa, oradan 6-yil o‘tib, Misrda o‘tkazilgan qit’a birinchiligida ham Zair bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 1998-va 2015-yillarda turnirning bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Eng yaxshi futbolchilari va narx
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi tarixida eng ko‘p uchrashuvda ishtirok etgan futbolchi Chansel Mbemba hisoblanadi. U milliy jamoa libosida 106ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurgan. Eng yaxshi to‘purar esa Diumerki Mbokani sanaladi. U Kongo uchun 22ta gol urishni uddalagan. Nufuzli "transfermarkt" portali terma jamoani 153,40 million yevroga baholamoqda.

Kongo mundialdagi ilk uchrashuvini 17-iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Ikkinchi turda esa Kolumbiya bilan kuch sinashsa, so‘nggi turda O‘zbekiston bilan maydonga chiqadi.