Eksternat imtihonlari — ta’limdagi uzilishlarni bartaraf etish imkoniyati
Ayrim fuqarolar turli hayotiy sabablar tufayli maktab ta’limini to‘liq yakunlay olmaydi yoki 9 va 11-sinfni tamomlaganligi haqidagi shahodatnomani o‘z vaqtida qo‘lga kiritmaydi.
Bugungi kunda esa ular uchun bilim va ko‘nikmalarini rasman tasdiqlash imkonini beruvchi eksternat tartibidagi yakuniy imtihonlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan mazkur imtihonlar fuqarolarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning keyingi o‘qish yoki mehnat faoliyati uchun zarur bo‘lgan hujjatni qo‘lga kiritishga xizmat qilmoqda. Bu esa har bir insonga o‘z bilim darajasini namoyon etish va kelajakdagi rejalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, eksternat tartibidagi yakuniy imtihonlar belgilangan umumta’lim maktablarida tashkil etiladi. Unda ishtirokchilar 9 yoki 11-sinf dasturi bo‘yicha fanlardan yozma va og‘zaki shaklda sinov topshiradi. Imtihon natijalariga ko‘ra talab etilgan ballni to‘plagan fuqarolarga umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA