Eksport va ishlab chiqarish quvvati oshmoqda
Buxoro viloyatida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini rag‘batlantirish hamda ularning muammo va takliflarini joyida o‘rganishga qaratilgan amaliy uchrashuvlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan mahalliy korxonalarga yaratilayotgan qulayliklar eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov tomonidan “Sanoat gilam” MCHJda sayyor uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, eksport-import operatsiyalari hamda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, korxona tomonidan 2025–2026-yillar davomida qiymati 3,5 million AQSH dollariga teng, vazni 2500 tonnani tashkil etuvchi kauchuk va sanoat iplari gilam ishlab chiqarish maqsadida import qilinib, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan. Bu esa ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgani va korxonaning ichki hamda tashqi bozordagi faolligi yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, korxona tomonidan qiymati 1,3 million AQSH dollariga teng, vazni 500 tonna bo‘lgan tayyor sanoat matolari, to‘qimachilik mahsulotlari va gilamlar MDH davlatlariga eksport qilingani ta’kidlandi. Bu natijalar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi bozorlarda ham munosib o‘rin egallayotganidan dalolat beradi.

Uchrashuvda bojxona organlari tomonidan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay va shaffof muhit yaratish, eksport-import jarayonlarini tezkor va yengillashtirilgan tartibda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Sayyor o‘rganishlar “Jayxun” xususiy korxonasida ham davom ettirildi. Mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxona mahsulotlari asosan ichki bozorga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, uchrashuv davomida eksport salohiyatini kengaytirish va xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, korxona tomonidan “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida joriy yil aprel oyida qiymati 100 ming AQSH dollariga teng, vazni 15 tonna bo‘lgan mebel temir karkaslari ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo import qilinib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgani ma’lum qilindi.
Bojxona mas’ullari ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishar ekan, mazkur bojxona rejimining afzalliklari, undagi imkoniyatlar hamda amal qilish tartiblari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berdi. Shuningdek, tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarilib, eksport faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.

Bunday ochiq va amaliy muloqotlar tadbirkorlarning muammolarini joyida hal etish, ishlab chiqarish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri