Eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi yondashuv
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning eksport salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, boshqarma boshlig‘i B. Muratov rahbarligida “bojxona hududida qayta ishlash” rejimini keng joriy etish masalalari bo‘yicha sayyor o‘rganishlar tashkil etildi.
Ushbu o‘rganishlar doirasida Buxoro tumanida joylashgan “Bct clusterfat and oil ” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Mazkur korxona paxta chigiti, kungaboqar va soya kabi xom ashyolarni qayta ishlash orqali yog‘ mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda hududdagi yirik sanoat sub’ektlaridan biri hisoblanadi.

Korxona vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining afzalliklari, uning iqtisodiy samaradorligi hamda amalda qo‘llash tartiblari atroflicha tushuntirib berildi. Ayniqsa, ushbu rejim orqali xorijdan xom ashyo olib kirib, uni mahalliy sharoitda qayta ishlash va tayyor mahsulotni tashqi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari alohida ta’kidlandi.
Jumladan, paxta chigitini Ozarbayjon Respublikasidan, soya urug‘ini esa Qozog‘iston Respublikasidan import qilish orqali ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va eksport geografiyasini yanada kengaytirish mumkinligi qayd etildi.

Bu esa korxona faoliyatida qo‘shimcha qiymat yaratish va raqobatbardoshlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, “Bct clusterfat and oil ” MCHJ kuniga 200 tonnagacha xom ashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Ushbu salohiyatdan to‘liq foydalanish, ishlab chiqarish jarayonini uzluksiz tashkil etish va barqaror xom ashyo ta’minotini yo‘lga qo‘yishda “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi muhim va samarali mexanizm sifatida xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur rejimni amaliyotga keng joriy etish mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi, eksport hajmlarini oshiradi va mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri