Ekoshaharda yangi uylar egasini kutmoqda (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng
Davlatimiz rahbari yaqinda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Farg‘ona shahri hududidagi ekoshaharda “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish ishlari borishi bilan tanishib, zarur tavsiyalarni bergan edi. Ayni kunlarda bu yerda ish qizg‘in.

Bugungi kunda 300 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga mo‘ljallangan 298 ta ko‘p qavatli uy bunyod etiladi. Aholi zich yashaydigan shahar va viloyat uchun bu muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Bu yil massivda 73 ta uy barpo etilmoqda.
Yangi massivda 10 ta bog‘cha, 6 ta umumta’lim maktabi, poliklinika, masjid hamda sog‘lomlashtirish majmuasi barpo etiladi. 15 ta ma’muriy idora qad rostlaydi. Hozirgi kunda bu yerda bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Ayni kunlarda mazkur hududda ichki yo‘llarni qurish, yoritish moslamalarini o‘rnatish, ko‘p qavatli uylar qurilishida so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Farg‘ona shahri hokimi Vosiljon Nazarov mas’ullar bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni tizimli ravishda o‘rganib bormoqda. Yo‘llarning sifatli va jahon standartlariga mos tarzda bunyod etilishi bo‘yicha mutaxassislar bilan fikr almashilmoqda.

Ekoshahar – ekologik musaffolik, tabiat qo‘ynidagi shaharda qurilayotgan har bir ob’ekt o‘ziga xos yechimga asoslangan. Asosiysi, binolarning zilzilabardoshligiga ahamiyat qaratilmoqda.
– Viloyatimiz hududi 7-8 ballik seysmik zonada joylashgan. Shuning uchun binolarning 8-9 ball zilzilaga chidamliligiga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi Umidjon Uzoqov. – Bundan tashqari, qurilish materiallarining pishiq-puxtaligi, davlat standartlariga mosligi doimiy nazoratimizda. Buning uchun hududning o‘zida maxsus laboratoriya joylashgan. Misol uchun, keltirilgan g‘isht, sement yoki armaturadan namuna olinib, laboratoriyada tekshiriladi va xulosa beriladi. Jarayon davomida sifatsiz materiallar bo‘yicha 20 dan ortiq ma’muriy hujjatlar tayyorlanib, mas’ul tashkilotlarga taqdim qilindi.
Bunday yondashuvdan qurilish tashkilotlari mutasaddilari ham mamnun. Zero, ular o‘zlari bunyod etayotgan inshootlarning mustahkamligi, uzoq yillar davomida odamlarga xizmat qilishi tarafdori.
Hududdagi ta’lim muassasalarida ham so‘nggi jihozlash va pardozlash jarayonlari ketmoqda. Aholining maroqli dam olishi uchun bunyod etilayotgan "Yangi O‘zbekiston bog‘i"da ham keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Yoshlar uchun zamonaviy attraksionlarni o‘rnatish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/X12BLnFgh-4" title="Ekoshaharda yangi uylar egasini kutmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri.