Ekologiya va sog‘lom turmush forumi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimligi va viloyat sport boshqarmasi hamkorligida Qarshi shahrida Prezidentning “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan ayollar ekoforumi o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qashqadaryo viloyat hokimligi mutasaddilari, mahalliy Kengash deputatlari, “Ekologiya va salomatlik ayollar klubi” hamda “Yosh ekologlar qanoti” a’zolari, talabalar, partiya faollari, viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida qator sport tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, “5000 qadam” aksiyasi tashkil etildi. “Nuroniylar maskani”dan start berilgan yurish marafonida mamlakatning turli hududlaridan kelgan 250 nafardan ortiq ekofaollar ishtirok etdi. Yurish davomida ishtirokchilar aholiga sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatning ahamiyati borasida targ‘ibot ishlarini olib bordi.
Shuningdek, yosh rassomlar asarlaridan iborat ko‘rgazma namoyish etildi. Tadbir yoshlar o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirish, tabiatga bo‘lgan munosabatni mustahkamlash va iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Forum doirasida “Tabiat uchun birlashaylik!” shiori ostida velomarafon ham o‘tkazildi. 3 kilometr masofada tashkil etilgan veloyo‘lda 200 nafardan ziyod yoshlar, xotin-qizlar va sport ishqibozlari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, voleybol, tennis, shaxmat va shashka bo‘yicha sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Ularda Oliy ta’lim muassasalari talabalari, Yosh ekologlar qanoti a’zolari, partiya xodimlari va sport maktablari o‘quvchilaridan iborat 200 nafardan ortiq ishtirokchi bellashdi. G‘oliblar va sovrindorlar partiyaning viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi.
[gallery-26377]
Tadbirning asosiy qismi “Nuroniylar markazi” binosida bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy ekologik tashabbuslar, aholining ekologik madaniyatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Spikerlar ayollar ekoforumi jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish va yangi tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shu kuni forum ishtirokchilari “Yashil makon” loyihasi doirasida Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘ida ko‘chat ekish aksiyasida ham ishtirok etdi. Aksiya davomida 200 dan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Forum ishtirokchilari uchun viloyatdagi tarixiy obidalarga sayohat ham tashkil etildi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA