Ekologiya sohasida qanday xalqaro kelishuvlar mavjud?
Bugungi kunda Yer sayyorasida yuzaga kelayotgan ekologik inqiroz va muammolar chegara bilmas, global tusdagi masalalardir. Hech bir mamlakat va hudud yo‘qki, ekomuammolardan aziyat chekmayotgan yoki xavotir bo‘lmayotgan bo‘lsa. Afsuski, atrof-muhit, tabiat va tabiiy resurslar bilan bog‘liq turli ko‘rinishdagi global jarayonlar tobora keskinlashib, kengayib bormoqda. Bunday muammolar biror bir hududni cheklab o‘tayotgani yo‘q.
Ekologik muammolarning global ko‘rinishga ega bo‘lishi esa xalqaro miqyosdagi kelishuvlar, o‘zaro hamkorlik va birdamlikni taqozo etadi. Bu borada bir qator xalqaro shartnomalar, kelishuv va bitimlar tuzilgan, muayyan tashkilotlar tashkil etilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov quyidagilarni qayd etdi:
— XXI asrda ekologik muammolar global xususiyatga ega bo‘lib, ularni bartaraf etish milliy chegaralardan tashqarida ham hamkorlikni talab qiladi. Iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, cho‘llanish, bioxilma-xillikning yo‘qolishi kabi muammolarni yechishda dunyo davlatlari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan turli modellar va mexanizmlar xalqaro miqyosda sinovdan o‘tgan samarali tajribalar sifatida e’tirof etilmoqda.
Ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy ustuni turli davlatlarning birgalikdagi majburiyatlarini belgilaydigan shartnomalardir. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan qator shartnoma va konvensiyalar qabul qilingan.
Ulardan biri Parij kelishuvi (2015 yil) bo‘lib, bu iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda eng yirik global bitim hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida 2015 yil 12 dekabrda Parijda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy konvensiyasiga bag‘ishlangan konferensiyaning 21-sessiyasida qabul qilingan va 2020 yildan boshlab amalga oshiriladi. Mazkur bitimga ko‘ra, 195 mamlakat uglerod chiqindilarini qisqartirish va qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.
1997 yilda qabul qilingan Kioto protokoli esa issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha huquqiy jihatdan majburiy xalqaro hujjatdir. Bioxilma-xillik to‘g‘risida Konvensiya (1992 yil) – tur va ekotizimlarni muhofaza qilish, ulardan barqaror foydalanish va genetik resurslardan teng foydalanishni ta’minlaydi.
BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash Konvensiyasi (1994 yil) – yerning degradatsiyaga uchrashini to‘xtatish va qayta tiklash choralarini belgilaydi.
Shuningdek, bir qator xalqaro ekologik tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular ekologik mammolarni barataraf etish va yumshatish, dunyo mamlakatlari e’tiborini o‘tkir ekologik muammolarga qaratishda muhim o‘rin tutadi. Jumladan, BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) global ekologik siyosatni muvofiqlashtiradi va davlatlarga texnik yordam ko‘rsatadi.
Dunyo tabiatni muhofaza qilish fondi (WWF) esa bioxilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda yetakchi nodavlat tashkilot hisoblanadi.
Greenpeace – xalqaro miqyosda ekologik muammolarga e’tibor qaratish va siyosiy qarorlarga ta’sir o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Ekologiya sohasida xalqaro hamkorlik va davlatlarning o‘zaro tajriba almashinishi keskinlashib borayotgan ekomuammolarni yumshatish va salbiy ta’sirini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA