Ekologik toza, shifobaxsh terilar
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ayniqsa, chorvachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iste’mol bozorini nafaqat qimmatbaho qorako‘l teri, balki go‘sht, gilambop jun, po‘stinbop qo‘y terisi bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ayniqsa, chorvachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iste’mol bozorini nafaqat qimmatbaho qorako‘l teri, balki go‘sht, gilambop jun, po‘stinbop qo‘y terisi bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.Qashqadaryo viloyatida qorako‘lchilikka ixtisoslashgan 17 xo‘jalik faoliyat yuritmoqda. Ularning tasarrufida 300 ming bosh qorako‘l qo‘ylari boqilmoqda. Har yili 100 mingdan ortiq qo‘zi olinadi.
Dunyo bozorida qorako‘l terilariga hamisha talab yuqori bo‘lgan. Qorako‘l terining vazni yoki boshqa miqdor ko‘rsatkichi emas, balki turi, rangi, shakli, tola qoplamining tig‘izligi, ipaksimonligi, yaltiroqligi mahsulot sifatini baholashda asosiy mezon sanaladi. Shu bois qorako‘l teriga dastlabki ishlov berish uning sifatini yaxshilashda muhim omil hisoblanadi.
Koson tumanidagi “Botir” xususiy korxonasi jamoasi bir necha yildan buyon qorako‘l terini qayta ishlashbilan shug‘ullanadi.
– Qorako‘l terilarini asosan naslchilik xo‘jaliklari va aholidan sotib olamiz, – deydi korxona rahbari Nizomiddin Toshmurodov. – Birlamchi ishlov berilgan terilarni shu yerning o‘zida sanoat usulida qayta ishlaymiz, yuvamiz, oshlaymiz. So‘ngra rangi va naviga qarab saralaymiz, undan keyin qadoqlab, eksportga jo‘natamiz. Korxonamizning ishlab chiqarish quvvati yildan-yilga oshib, sifatli mahsulot tayyorlash imkoniyati kengaymoqda. Qayta ishlangan bunday sifatli va mayin qorako‘l terilarga xorijda ham xaridorlar ko‘paymoqda. O‘tgan yili 37 ming dollarlik qorako‘l teri eksport qildik.
Qorako‘l teridan mo‘ynado‘zlikda keng foydalaniladi. Barcha sohalar qatori bu tarmoq ham doimiy rivojlanib, insonlarning moddiy va estetik ehtiyoji, moda o‘zgarishiga moslashmoqda. Buning uchun mo‘yna, xususan, qorako‘l teri asosida tikiladigan buyumlarning mavjud shakllarini takomillashtirish, yangi turlarini yaratishni davrning o‘zi talab qilmoqda. Bu talablar “Botir” xususiy korxonasi faoliyatining asosiy ish mezoniga aylangan. Hozir korxona sexlarida 40 ga yaqin fasondagi kiyim-kechaklar tayyorlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qorako‘l teridan tayyorlanadigan mahsulotlar nafaqat ekologik toza, balki bir qator shifobaxsh xususiyatlarga ham ega. Binobarin, korxona jamoasi izlanish, zamon talabiga mos mahsulot ishlab chiqarish, yangiliklarni o‘zlashtirishga astoydil harakat qilmoqda. Jamoa joriy yilda o‘tkazilgan “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bunday yuksak e’tirof korxona faoliyatiga, u ishlab chiqarayotgan mahsulotga bo‘lgan katta ishonchdir.