Ekologik barqarorlikni ta’minlashga barchamiz mas’ulmiz
Surxondaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar va sohada yuz bergan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan tadbirda boshqarma boshlig‘i Bahodir Urunov mamlakatimizda ekologiya barqarorligini ta’minlab, atrof-muhitni muhofaza qilish va yurtimizda yashil boyliklarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha ma’lumot berdi. Sohada yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar xususida fikr almashdi.

Prezidentimizning 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq farmon bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi.

Alohida yuridik shaxs bo‘lmagan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) ish boshladi. Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanib, Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosariga bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari maqomi berildi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladigan bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanishi, o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi, faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanishi belgilandi. Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi berildi.

Prezidentimizning 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan mamlakatimizning boshqa hududlari qatori Sherobod tumanidagi 3-texnikumi negizida Surxondaryo viloyati “yashil” texnikumi tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu ta’lim muassasasida hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqib, sohalar uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatimiz hududida har yili 16 million tupdan daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda. Xususan, shu yilning bahorgi ko‘chat ekish mavsumida viloyatda qariyb olti yarim million tup daraxt va buta ko‘chati ekildi. Jumladan, viloyat hokimining tashabbusi bilan Angor tumani M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydonida 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yer maydoniga viloyatdagi oltita davlat o‘rmon xo‘jaligi 270 ming tup daraxt ko‘chati ekib, “yashil belbog‘” barpo etdi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Termiz tumanidagi “Kattaqum” dahasidagi 82 gektar maydonga viloyat, tuman va shahar hokimliklari 218 ming tup daraxt ko‘chati ekib, “yashil belbog‘” yaratdi. Yangiobod mahallasi hududidan 31 gektar yer maydonida 12 ming 700 tup eldor qarag‘ay ko‘chati qadaldi.
Bu loyihalar “yashil belbog‘” vazifasini bajarib, hududlarni kuchli shamol ta’sirida chang-to‘zonlar ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Sherobod tumanidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan maydondan jami 99,6 gektar yer ajratilib, botanika va dendrologiya bog‘i barpo etilmoqda.
[2026-05-19 10:49] Nilufar Bozorova: – Mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish umummilliy harakatga aylandi, – deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i B.O‘runov. – Biroq, bu masalaga ba’zan barcha ham birdek yondashmayotgani kuzatilmoqda. Misol uchun, vohada “yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarning ko‘karuvchanligi, sug‘orish hamda parvarish ishlari nazorat qilinib, parvarishlashga mas’ul shaxslarning e’tiborsizligi sababli qurib qolganlari o‘rganilmoqda, tegishli chora ko‘rilmoqda. Shu yilning o‘tgan davrida ekilgan ko‘chatlarning nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan 15 nafar mansabdor shaxsga 62 million 600 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgani bunga yaqqol dalildir. Endilikda viloyatda “Yashil hudud” davlat unitar korxonasining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hududiy boshqarmasi ish boshlamoqda. Boshqarma tasarrufiga vohadagi “yashil bog‘lar”, “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”, davlat byudjeti va unga tenglashtirilgan manbalar hisobidan tashkil etilgan hamda parvarishiga mas’ul tashkilotlar yetarlicha e’tibor bermayotgan, mahalliy hokimliklarning zaxira yer uchastkalarida joylashgan “yashil bog‘lar” o‘tkazib beriladi.
Anjumanda ekologik nazorat inspeksiyasi amalga oshirgan ishlar, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari, atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham tegishli ma’lumot berildi. Sherobod tumanidagi 3-texnikum negizida tashkil etilayotgan Surxondaryo viloyati “yashil” texnikumi taqdimot qilindi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri