Ekologik barqarorlik sari
Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish va yashil hududlar hajmini oshirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatning barcha hududlarida, jumladan, Navoiy viloyatida ham izchil amalga oshirilmoqda.
– Ko‘chat ekish ishlari viloyat hududida sohalar kesimida amalga oshirilmoqda. Fermer xo‘jaliklari dala chetlariga 1 million 562 ming dona ko‘chat ekilgan. Mahallalar va aholi tomorqalarida esa rejada belgilangan 900 ming dona o‘rniga 1,2 million dona ko‘chat o‘tqazilgan bo‘lsa, O‘rmon fondi yerlarida 2 million 299 ming dona, avtomobil va temir yo‘l yoqalarida 386,2 ming dona, daryo, kanal, ariq va zovurlar bo‘ylarida 231,9 ming dona ko‘chat ekildi, – deydi viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassisi Gulnoza Mirzayeva.

Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha 1- va 2- toifaga kiruvchi yirik sanoat korxonalari hududlarida yashil belbog‘lar tashkil etish ishlari ham olib borilmoqda. Ushbu yo‘nalishda 571 ming dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytga qadar 518 ming dona ko‘chat o‘tqazilgan. Chiqindi poligonlari atrofida esa 20 ming donadan ziyod ko‘chat ekilgan.

Ko‘chatlarning barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida infratuzilma masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan hududlarda 11 ta tik quduq qazilib, yangi sug‘orish tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Aholining ekologik bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 28 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 38 ta amaliy seminar tashkil etildi. Shahar va tumanlarda esa 11 ta joyda 14 ta ko‘chat sotish yarmarkalari o‘tkazildi.

Navoiy viloyatida “Mening bog‘im” loyihasi ham “Yashil makon” umummilliy loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida yashil jamoat parklari va yashil bog‘lar tashkil etish bo‘yicha loyihalar ovoz berish asosida saralab olindi va natijada ikkita loyiha g‘olib deb topildi. Loyihalar bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantirilib, yer maydonlari xaritalari tasdiqlandi.

Umuman olganda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi Navoiy viloyatida ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi yashash muhitini yaxshilash va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish borasida aniq natijalar bermoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.