Ekin yerlarimiz – eng katta xazinamiz
Iqtisodiyotning muhim jihatlaridan biri – vaqt sarfi toifasidir.
Tahliliy
Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas” deya alohida taʼkidladi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2020-yil 26-martdagi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan bu borada koʻplab vazifalar belgilab berildi hamda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi yoʻnalishlar shakllantirildi.
Raqamli iqtisodiyot davrida hayot shiddati yana-da tezlashgandek. Binobarin, birgina viloyatimiz qishloq aholisi har yili 17 mingdan ortiq kishiga koʻpaymoqda. Hozirda tumanlarda yashovchilar soni 2 million 200 mingdan oshib ketdi. Bu raqamlar bejiz dastlab keltirilmayapti, vaholanki, aholi soni oshgan sari, uning farovonligida dehqonchilik yerlarining hajmi muhim omillardan biri boʻlib qoladi.
“Yer maydoni” koʻrsatgichini oydinroq, mavzuga bogʻlash uchun “ekin maydoni” deb mulohaza yuritsak, yangi yer maydoni bugun dolzarb boʻlib qoldi, boisi yoshlarni, qishloq aholisini qisqa vaqtda ish bilan taʼminlash, tumanlarni eksport salohiyatini oshirish uchun eʼtibor ekin maydonlarga, ularni hajmiga qaratilmoqda. Bu ixcham, kamxarajatli, istiqbolli choradir. Bu fikrga qoʻshilmaydiganlar ham boʻlishi tabiiy, chunki, dehqonchilikdan koʻra, sanoatda maosh yuqori boʻlishi iqtisodiyotda aytib oʻtilgan. Ammo, keling,shu joyda aholini band etish yangi strategiyamizni yangi taktikasini tahlil etsak. Shunda, yerni imkoniyati ishlab chiqarishdan kam emasligini isbotlasak.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, aholini tezroq ish bilan taʼminlashni samarali yoʻli – dehqonchilik, issiqxonalar tashkil etish, agar moliyaviy imkoniyati koʻtarsa, dastlab, parrandachilik bilan band boʻlish ham afzal. Yana bir kam sarflanadigan yoʻnalish – pillachilikdir. Albatta, u mavsumiy, lekin, xohlovchilarga qoʻshimcha daromad manbaidir.
Iqtisodiyotning muhim jihatlaridan biri – vaqt sarfi toifasidir. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, ishlab chiqarish sexini tashkil etish uchun tadbirkorga ikki-uch yil vaqt zarurdir, eng qisqa vaqt - ekin maydonini, ixcham issiqxona tashkil etishga ketadi. Mayli, sanoatchiga koʻra, yangi dehqon ozroq maosh olar, lekin, daraxtlari, hayvonlari, parrandalari boʻy choʻzgandan keyin, ularga yetar ishbilarmon topilmaydi. Bu borada soʻnggi yillardagi yaratilayotgan imkoniyatlaridan oqilona foydalanib oʻz manfaatdorligi barobarida el-yurtga katta naf keltirayotgan tadbirkorlar safi kengayib bormoqda.
Namangan tumanida istiqomat qiladigan tadbirkor Dostonbek Soliyev olti yil davomida 200-300 dona tovuq boqib kelgan boʻlsa, yangi imtiyoz va imkoniyatlar samarasi oʻlaroq hozirda parrandalar sonini 3000 boshga yetkazdi. Uning aytishicha, oilada bir oʻgʻil oʻzi, hech kim uning tadbirkorligiga katta mablagʻ qoʻshmagan, faqat uch omil boʻlgan- qiziqish, sabr, intilish. Endi uning tadbirkorlik faoliyatini iqtisodiy tahlil etsak. Parrandachilikni bejiz yetti xazina turkumiga xalqimiz kiritmagan. Tovuqdan ikki xil mahsulot – tuxum, goʻsht va ikki vaqtda daromad olsa boʻladi. Tovuq orada tuxum beradi, tovuqni sotilganda yana yakuniy daromad olasiz. Dostonbekni aytishicha, undagi broyler tovuqlar ham daromadli -goʻshtga qirq kun deganda yetiladi. Korxona oʻzining omuxta yem tayyorlaydigan sexiga ega. Misol uchun omuxta yem bir kilosi bozorda 5 ming soʻm boʻlsa,shu sexda tayyorlangan mahsulot 1000 –1500 soʻmga arzonga tushayapti. Agar har kuni bir tovuqdan 500 soʻm tejab qolinsa, 3000 ta tovuqdan 1 million 500 ming soʻm, 40 kunda esa – 60 million soʻm boʻladi.
Bir tovuqni semirtirish uchun 40 kunda 30 ming soʻm xarajat qilinadi, 5 ming soʻm sof (xarajatlar chiqarib tashlangandan soʻng) foyda olinadi. 3000 dona broylerdan 40 kun davomida daromad 15 million soʻmni tashkil qiladi. Jamoada 5 kishi ishlasa, sof daromad 3 million soʻmdan har bir ishchiga toʻgʻri kelmoqda, taqqoslaganda, sanoatchidan daromadi kam emas. Xoʻjalikni rentabellik darajasi 16.6 foizni tashkil etishi yangi jamoa uchun ijobiy natija, u asta oʻsib boradi, chunki, Dostonbek doimo izlanishda. Shu fazilatlarni inobatga olib, yoshlar Ittifoqi tavsiyasi bilan 7 foizli kredit ajratildi. Bu bir yosh tadbirkorni qisqa tadbirkorlik davridagi erishgan yutuqlari haqida, viloyatda esa moliyaviy koʻmakda oxirgi ikki yil ichida 100 yaqin kichik chorvachilik jamoalari shakllandi.
USTI XAZINA, OSTI GAVHAR
Dehqonchilikni iqtisodiyotdagi ahamiyatini bilgan har birimiz viloyatdan avtomashinada Toshkent tomonlarga yurib, oʻng tomondagi choʻllab yotgan minglab gektar yerlarni koʻrib, ularni oʻzlashtirilishini beixtiyor oʻylardik, orzu qilardik, chunki 11 tumandan koʻplarida ekin maydonini kengaytirishning iloji yoʻq, bu degani, yer soʻrab kelgan aholiga biror gap aytish oʻzi qiyin boʻlib qolmoqda.
Yangi Oʻzbekistonni yangi taktikasi, yaʼni yangi iqtisodiy chorasi - adir yerlarni oʻzlashtirish, tik quduqlardan suv chiqarib ishlayman degan tadbirkorlarga berish. Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlariga koʻra, viloyatimizda birgina shu yilning oʻzida 5 ming 361 gektar yer oʻzlashtiriladi. Mingbuloqda – 1 ming 191 gektar, Chortoqda- 627, Chustda – 527, Kosonsoyda – 275, Toʻraqoʻrgʻonda – 136, Popda – 2 ming 294 gektar. Bu ishlar ertaga emas, bahordan boshlandi, traktorlar ilk bor joʻyak oldi, 14 tik quduq qazildi, ulardan suv oqdi, dehqon ilk bor kaftiga yer tubida yotgan suvni oldi.
Hozirga kelib, 1 ming 782 gektar yashnayapti, endi shu adir, toshli, qumloq yerlardan jaziramaning bugʻi chiqmayapti, aksincha, barglar adirlar shabodasida yayrayapti. Albatta, irrigatsiya ishlari ham bor, jumladan, yana 44 tik quduq kovlanadi. Hammasi boʻlib, 58 tik quduq uchun 20 milliard 664 million soʻm sarflanadi. Avvallari, suvsiz, toshloq yerlarda dehqonchilik, daromad qilishga birovning koʻzi yetmagan, bir soʻm ham mablagʻ sarflashga jurʼat qilinmagan.
Xalqimiz yerni yaxshi koʻradi, borini ayamaydi. Yuqoridagi ishlarda tadbirkorlar qarab turgani yoʻq, mahalliy byudjet mablagʻidan 7 milliard 794 million soʻm ajratilgan boʻlsa, hozirgacha bajarilgan ishlarga tadbirkorlar tomonidan 2 milliard soʻmlikdan ziyod hissa qoʻshildi.Dehqonchilik mahsuloti oltinga teng, ishonasizmi, quritilgan oʻrik, olxoʻri Germaniyada dorixonalarda sotilar ekan. Men Oʻzbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasining birinchi kotibi Mirgʻiyos Azimov bilan suhbatlashdim. Diplomat aytishicha, meva,sabzavotga savdo tarmoqlarida talab katta. Lekin, bogʻlar hajmi oz boʻlganligi uchun oʻzbekistonlik fermerlar ular soʻragan miqdorda mahsulot yetkazib berish imkoniyatiga ega emas.
Qani, bizda imkoniyat qanday? Viloyatdagi bogʻlar hajmi bilan qiziqib koʻraylikchi. Bugungi kunda viloyatda 156 ming 788 gektar ekin maydoni mavjud. Shundan, atigi, 19 ming 248 gektari (12.2%) bogʻ va rezavorlardir. Ammo, bogʻlarni koʻpayishiga umid paydo boʻldi – bizda ham yirik maydonga ega dehqonlar safi shakllanmoqda. Pop tumanidagi “Nuran.uz” MCHJni koʻp gapirildi, biz esa uning afzalliklarini tahlil etsak. Qaqshab yotgan adir yerlarning 1 ming 885 gektarida meva, sabzavotlar yetishtirilmoqda. Buning uchun 180 metr chuqurlikdan toʻrtta quduq suv yetkazib bermoqda. 2023-yildan boshlab, jamoa, yana 1 ming 455 gektar adir oʻzlashtiradi. Loyiha toʻliq amalga oshirilgach, klaster tashkil etilsa, samarador va eksportyor tashkilot vujudga keladi, hisob-kitoblarga koʻra, 350 ish oʻrni boʻladi, yiliga 10 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 100 gektar yerda oʻrik, 70 gektarda – gilos, 12 gektarda esa, uzumzor tashkil etildi. Koʻchatlar chetdan keltirilgan boʻlib, har gektar yerdan 70 tonnagacha hosil olish koʻzda tutilmoqda. Koʻchatlar orasiga poliz ekildi.
Katta maydonga ega xoʻjalikni afzalligi yuqori. Birinchidan, chet el investorlari, aynan, shunday subyektlar bilan shartnoma tuzishga ishtiyoqi baland boʻladi. Nega? Oladigan mahsulot hajmi koʻp, bir joydan, bir navdan, fitosanitar tekshiruvi ham ixchamlashadi. Jamoa klasterbop- oʻzini katta ekin maydoniga ega, demak, yil davomida hosilni korxona oʻzi qayta ishlasa, mehnat oʻzini oqlaydi. Klaster sexida xorijda xaridorgir boʻlgan kompot, murabbo, jem, quritilgan oʻrik ishlab chiqarishi mumkin. Tumanning Chodak massivida esa 300 gektar yer oʻzlashtirilishi yakunlanmoqda, jumladan, tayyor 10 gektar yerda moshning eksportbop navi ekildi.
Tasavvur qiling, birgina shu yilni oʻzida Mingbuloqda 195, Kosonsoyda 275, Popda 400, Chustda 200,Chortoqda 200 gektar, jami hozirga qadar 1 ming 270 gektar yer oʻzlashtirildi. Demak, hosilga hosil, daromadga daromad, ishchilar safiga ishchilar qoʻshildi. Birgina shu yilni olti oyida qoʻshimcha 1 ming 496 gektar bogʻ qad rostladi.
KLASTERLAR
2017-yil Oʻzbekiston uchun yangilanishning ilk qadami, bevosita inson taqdiriga yoʻnaltirilgan yangi iqtisodiy islohotlar davrini boshlanishi boʻldi, yaʼni, boshqa sohalar kabi, iqtisodiyot shaffof boʻlib bordi, undagi islohotlar esa, yaqqol inson manfaatiga yuz tutdi. Fermer xoʻjaliklari bilan sanoat korxonalari negizida klasterlar tuzishni islohotning oʻzagi deyish mumkin. Oʻn toʻqqizinchi asr iqtisodchi – olimlari shunday fikr bildirishgandi - ham dehqonchilik, ham uning (dehqonchilikning) mahsulotini qayta ishlash bir kishini ikki qoʻlida boʻlsagina, samara ikki tomonga tegishli ravishda daromad beradi.
Bu ilmiy jihatdan tasdiqlangan nazariyaga ahamiyat berilmagan edi. Paxtachilik fermer xoʻjaliklari mustaqil yuridik maqomga ega boʻlib, faoliyat koʻrsata boshladi. Ammo, hosildan olingan daromadni talay qismi sanoatchida qolardi, uvoqlari dehqonga tegardi. Nega? Xom ashyo narxi, qayta ishlovchi tayyor mahsulotiga koʻra, nisbatan past boʻladi. Hosilni sotish ham uning qoʻlida emasdi. Bunday vakolat yoʻqligining moliyaviy jihatdan salbiy taʼsiri bor edi, masʼuliyat jihatidan esa paxtani, pillani sifatiga hech kim javob bermasdi, qaygʻurmasdi, chunki oldida majburiyat yoʻq edi. Natijada, xaridor talabiga javob bermaganligi uchun tolani sotish mushkul boʻlib qoldi.
Klasterlar tuzilishi bilan yetishtiruvchi va sotib oluvchi birlashdi. Avvaldan paxtakor, pillakor oldiga oʻz talablarini sanoatchi qoʻyganligi va uni fermer qabul qilganligi uchun dehqon boʻlajak hosil sifatiga, ishlab chiqaruvchi qoʻygan talablarni anglab, ularni bajarish masʼuliyati bilan ish olib bormoqda. Moliyaviy jihatdan ham, dehqonni koʻngli toʻq boʻlib, astoydil, puliga xotirjam ishlay boshladi. Hozirda viloyatda paxtachilik yoʻnalishida 5 ta, pillachilikda esa 6 ta klaster tuzildi.
Iqtisodchilarni xulosasiga koʻra, paxtadan kamida 40 sentnerdan hosil olmasa, xoʻjalik xarajatlarini qoplay olmaydi. Shu va boshqa majburiyatlarni fermer bajarishi uchun ishlab chiqaruvchi koʻmagi haqida viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasini bosh mutaxassisi Odiljon Abdullayev soʻzlab berdi: “ Klasterda maqsad yagona. Shuning uchun har ikki tomon ahdida qatʼiy.Sanoatchi fermerni kredit hisobidan oʻgʻit, texnika, yoqilgʻi, texnika bilan taʼminlaydi. Agar zarurat boʻlib qolsa, qoʻshimcha taʼminot ham boʻladi. Mart oyidan boshlab, to sentyabrga qadar dehqonlarga maosh berib boradi. Albatta, hamkorlikka chegara yoʻq. Hozirgacha fermerlardan eʼtiroz yoki bir muammo qoʻyilmadi.”
Ishlab chiqaruvchi paxta xom-ashyosi uchun xotirjam, chunki ixtiyorida paxta ekinzorlari bor. Bu yilgi mavsumda beshta klaster oʻziga tegishli 62 ming gektardan ortiq yerda, 1 ming 145 fermer yana 39 ming 333 gektar yerda hamkorlikda paxta xom ashyosini yetishtirmoqda. Namangan shahridagi “Art soft xolding” MCHJning Mingbuloq tumanida 33 ming gektar, Pop tumanida 28 ming gektardan ziyod paxtazori bor. Uchqoʻrgʻondagi “Tekstil finans Namangan” MCHJ 9 ming 436 gektar yerni oʻz tasarrufiga olgan.
Ipakchilik sohasida ham klasterlar boshlangʻich xom ashyoni yetkazib beruvchi pillakorga mablagʻ uchun xavotir olmaslikka ishonch hissini tugʻdirdi, bu ruhan tetiklik hosildorlikni oshirdi: 2019-yilda viloyatda 1 ming 508 tonna, bu yil esa 1 ming 800 tonnadan ziyod “kumush tola” olindi. Bir yilni oʻzida baraka salkam 300 tonna boʻlibdi. Bunday oʻsish nimani hisobidan? Albatta, pillakorlardagi sanoatchiga boʻlgan ishonchdan. Namangandagi “Fabrik teks” MCHJ norinlik va uchqoʻrgʻonlik pillakorlardan 333 tonna xom ashyo sotib oldi. Qayta ishlovchi oʻz hisobidan qurt urugʻini vaqtida yetkazib berdi, moddiy-texnika resurslari bilan taʼminladi, avans pullarini ajratdi, pillakorning istagiga koʻra oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berdi.
KOOPERATIVLAR
Shu yildan tashkil etilayotgan kooperativlar istiqboli ham nurafshondir. Tahlil etib koʻraylik. Birgina Namangan tumanida hech qayerdan roʻyxatdan oʻtmagan ayollar tong saharda 60-65 (bir tomonga) kilometr yoʻl bosib,Pop tumanidagi Chorkesar qishlogʻidan angor echkining junidan olib kelib roʻmol, paypoq va boshqa qishki kiyim toʻqishardi. Har kim oʻz topgani bilan kun koʻrardi. Ishlab-ishlab qishloq ayollari nafaqasiz qarilik “gashtini” surardi.
Xoʻsh kooperativ nima beradi? “Kooperativ” soʻzini maʼnosi oʻzi aytib berib turibdi: mulk, mablagʻ hissasi bilan qoʻshilish, birlashish va boshqarishni shakllantirish. Kooperativ aʼzolari, qabul qilingan Nizomga asosan faoliyat olib boradi, ishchilarga mehnat daftarchalari yuritiladi, nafaqa olish huquqiga ega boʻladi. Eng zaruri, ish oʻrinlari jamoa tomonidan yaratiladi.
Asosiysi, uzilishsiz, samarali mehnat faoliyati boʻlsa, oʻshanda kooperativ istiqboliga toʻla ishonch boʻladi. Namangan tumanidagi kooperativning kelajagi nurli, sababi, ularni mahsuloti chet elda - Rossiyada, shimoliy Yevropa bozorlarida xaridorgir. Bu ishni tepaqoʻrgʻonlik opa-singillarimiz boshlashgan, qoratepaliklar qoʻshilishib angor moʻynali roʻmollar, paypoqlar, yengsiz jemperlar toʻqishmoqda.
Chortoq tumani “Baland adir” dashtliklarida foydalanilmagan 36 gektar yerda har biri 2 sotixli 1000 issiqxona qurilishi yakunlanmoqda, shulardan, 800 tasi ish boshladi. Issiqxonalar faoliyatini kooperativga birlashtirish yana-da samara beradi, tuzishga asos. Umumiy qiymati 13 milliard soʻm boʻlgan loyihaga Respublika bandlikka koʻmaklashish Jamgʻarmasi hisobidan 6.7 milliard soʻm subsidiya va tijorat banklarining 6.3 milliard soʻm imtiyozli krediti yoʻnaltirilmoqda. Har biri sal kam 9 tonna sabzavot yetishtiradigan issiqxonalar 1000 moliyaviy imkoniyati cheklangan oilalarga berildi.
Shunday taktikani tahlil etsak, oilalarni ishga jalb qilish jarayoni toʻla davlat hisobidan amalga oshirilmoqda. Jumladan, koʻchat, suv, mineral oʻgʻit bilan yetakchi tadbirkor, yaʼni, boʻlajak kooperativ rahbari tomonidan taʼminlanadi. Bir joyda – bir mahsulot yetishtirish raqobatni yaratadi, bir biridan oʻrganadi. Muhimi, uch marta hosil olsa boʻladi, bitta issiqxonaga 700 tup pomidor koʻchatini sigʻdirsa boʻladi. Har biri, 3-4 kilo hosil bersa, hozirgi kundagi 1 kilo pomidorning oʻrtacha bozor narxi 3 ming soʻm boʻlsa, 7 million soʻmdan ziyod daromad boʻladi. Bu birinchi hosildan daromad.Viloyat hokimi H.Bozorov taʼkidlashicha, kichik issiqxonalardan yiliga 50 million soʻm daromad olish mumkin. Shu yilning oxirlaridayoq bu xulosa oʻz isbotini topadi.
Kooperativlarga faoliyat turini tanlashda boʻlajak aʼzolar avvalo, mahalliy xom-ashyoga ahamiyat berishlari lozim – mahsulot tannarxi arzon boʻladi. Shu jihatdan, Mingbuloq tumanidagi “Gurtepa kooperativ tomorqa xizmati ” sholichilik bilan shugʻullanadi. Har bir fuqaro 10 sotix yerda gurunch yetishtiradi. Ish boshlash uchun “Bandlik” jamgʻarmasining 2 million soʻmdan ziyod subsidiyasidan foydalanadi. Bu kooperativ misolida, faoliyat turini naqadar toʻgʻri tanlanganligini taʼkidlamoqchimiz. Gurunch xaridorgir, yana, oʻzimizda oz yetishtirilganligi uchun, bu oziq-ovqat qoʻshni va uzoq viloyatlardan sotib olinadi. Demak, kooperativ mahsulotiga doim xaridor boʻladi.
Xayrli ish oʻlmas ekan, mana endi tuman hokimliklari iqtisodiy islohotlar doirasida kooperativlarga istiqbolli, talabgor mahsulot chiqaradigan mahsulotlarni ishlab chiqarishini tavsiya etishi lozim. Ayrim tumanlarda bir ish kunida kooperativlarni tashkil etishdi. “Bir zumda” tayyorlangan kooperativlar oxiri yolgʻonchilikni oshkor etadi. Kooperativlar uchun xaridorgir, ham ichki bozorga, ham chetga moʻljallangan mahsulotlar, mahalliy xom-ashyolar roʻyxatini tayyorlashi muhimdir. Masalan, paxta, pilla tolalari, Olmaliq kon-metallurgiya korxonasining mis katodi, “Uzvtorsvetmet” AJni alyumin xom-ashesi, paxta, ipak matolari, terak, meva, sabzavot, Qashqadaryo polimeri (granulalar) va boshqalardir.
Bunday kooperativlar boshqa tumanlarda ham tashkil etiladi, muhimi, ularni faoliyat turini tanlashda, albatta, iqtisodchilar oʻz fikrlarini bildirishlari yaxshi boʻlardi. darkor. Bunda albatta, mahalliy, qoʻshni viloyatlar xom ashyosiga moʻljal qilmoq kerak. Bu mahsulot tannarxini oshirmaydi,aksincha, daromad esa oshadi. Kooperativlar uchun xaridorgir, ham ichki bozorga, ham chetga moʻljallangan mahsulotlar, mahalliy xom-ashyolar roʻyxatini tayyorlanishi muhimdir. Bozor qonunlariga koʻra, qanday kooperativ puxta oʻrnashib oladi? Albatta, yangilik yaratgan, bozordagi mahsulotni takrorlamagan jamoa olgʻa yuradi.
TUMANLARNING IXTISOSLASHUVI
Prezidentimizni yaqindagi tashriflarida har bir tumanni iqtisodiyotini ixtisoslashtirish yuzasidan loyiha tayyorlashni buyurdilar. Bu juda masʼuliyatli, keng bilimlarga va tafakkurga ega mutaxassislarni jalb etiladigan ishdir. Ixtisoslashuv maqsadi nimadan iborat?
Maqsad va mohiyati shundaki, avvalo korxonalar, ishchi oʻrinlar paydo boʻlishi aniq. 1. Tuman yaxlit bir mahsulotni yoki mahsulotlar majmuini mahalliy (Oʻzbekiston) xom-ashyosidan ishlab chiqaradi. 2. Bir yoki ikki yirik korxona asosiy, pirovard mahsulotni ishlab chiqarsa, kichik korxonalar, kooperativlar asosiy mahsulotni chiqarishga ketadigan yarim fabrikatlarni (qismlarni) buyurtma asosida ishlab chiqaradi va yetkazib beradi. Tuman ixtisosiga koʻra, kerak boʻlgan kadrlarni ham oʻzida tayyorlaydi.
3.Ixtisoslashgan sohaga daxldor investorlarga, oluvchilarga, hamkorlarga moʻljal olish, yaʼni tanlashda,izlashda qiyinchilik boʻlmaydi. Tumanni nomi turli xalqaro sanoatchilar yoki soha jamiyatlariga,assotsiatsiyalarga aʼzo boʻladi, reyestriga (roʻyxatida) kiritiladi. Shunda jahon ilgʻor tajribalaridan foydalanish imkoniyati boʻladi, mamlakatlar aro raqobat holati kuzatib boriladi.
Bu makroiqtisodiyot doirasidagi fikrlardir. Endi bevosita, ixtisoslashuv tizimiga qaytsak, ixtisoslashuv ulkan samara, baraka beradi. Tizimdagi bosh korxonaning barcha sheriklari tumanda joylashgan boʻlib, boshqaruv takomillashadi.
Ixtisoslashuv, albatta, tumanni landshaftiga, yer, mehnat,tabiat resurslariga, ekin maydoniga koʻra amalga oshiriladi. Oʻz oʻzidan, agar ekin maydoni katta va zaxira yer boʻlsa, u tuman ham agrar, ham sanoat, chorvachilik yoʻnalishlariga moslashishi bemalol. Bunday tumanlarda, Prezidentimiz tashriflarida bogʻdorchilik-sabzavotchilikni rivojlantirish taklifi berildi. Shu jihatdan, Chust, Pop tumanlarida togʻ-kon sanoatiga asos solish mumkin. Maʼlumki, Mingbuloq tumani, baliqchilikka moslashsa kerak. Aynan, shu tuman haqida gap ketganda, namanganliklarni tashvishga solayotgan bir taʼminot haqida aytish oʻrinlidir. Viloyatimizga guruchni Xorazmdan, polizni Jizzaxdan keltiriladi. Bozorimizga kelgani yaxshi, lekin, oʻzingni yeringdan boʻlsa, mahsulot arzon boʻlishi tayin. Birgina Jizzax oshqovogʻining 1 kilogrammi oʻtgan yili kuzida 3500 soʻmga chiqdi.
Ixtisoslashuv jarayonidan foydalanib, bizda tanqis boʻlgan guruch, poliz mahsulotlarini yetishtirishga Mingbuloq, Pop tumanlarini (yer tarkibiga koʻra) ixtisoslashtirilsachi? Axir, Pop tumanida qoʻshimcha 2 ming 294 gektar, Mingbuloqda – 1 ming 191 gektar oʻzlashtiradigan yerlar zaxirasi mavjud. Umid qilamizki, shu tumanlar hokimliklari shu tavsiyalarga oʻz fikrlarini bildirishsa, el maʼmurchiligi hozirdan ham ziyoda boʻlardi.
Ixtisoslashuvda ekin maydoni oz, aholi soni zich Namangan, Norin, Uychi tumanlarini aniq bir yoʻnalishga moslashtirish hammani oʻylashga majbur qilsa kerak. Namangan tumanida aholi soni 180 mingdan ortiq, ekin maydoni esa 12 ming 401 gektardir. Aholi jon boshiga jami ekin maydonining 6 sotixdan toʻgʻri keladi.
Norin tumanida 11 ming 193 gektar ekin maydoni 164 ming 400 aholi jon boshiga 6 sotix, Uychi tumanida ham 13 ming 863 gektar ekin maydoni 214 ming 200 kishilik aholi jon boshiga 6 sotixdan toʻgʻri kelayapti.
Bunday taqqoslashni maʼnosi - taxminiy taqsimotdir, holbuki, don, paxta, meva,sabzavot, chorva yem xashagi, uzum, poliz yetarli ravishda boʻlsa, chetdan olib kelmaydi, oʻzini tumanidagi bozordan oʻzini hosilini olsa, arzon boʻlishi hammaga maʼlum.
Albatta, muammoni koʻpchilik qoʻyadi, ammo, yechimiga kelganda, sukut tushadi. Gar muammo koʻtarilgan ekan, yechimini ham, aytish darkor. 70 yillarda Namangan,Uychi tumanlariga Mingbuloq tumanidan ekin maydonlari berilgan. Xuddi shu uslubda dehqonchilik,chorvachilik bilan shugʻullanish uchun, Norin, Namangan tumanlari aholisiga Mingbuloq tumanidagi, Uychi tumani aholisiga esa, Chortoq tumanidagi yangi yerlardan ajratishni eksperiment tariqasida amalga oshirish aholini ekin maydonga boʻlgan talabini qondirishga, oilalarimizni moʻl-koʻlchiligini oshishiga chora boʻlardi.