Ehtiyojmand xotin-qizlarga tikuv mashinalari berildi
Andijon shahrida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.
Andijon shahridagi 94 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Andijon shahridagi 4 ta sektorda sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ishsiz, ehtiyojmand xotin-qizga hokim yordamchilari tavsiyasi bilan subsidiya asosida 302 ta tikuv mashinasi, shuningdek, bir guruh xotin-qizlarga turli konditer mahsulotlari pishiriladigan jihozlar berildi.

- Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘bekova. – Bu borada Andijon shahrida ham izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, subsidiya asosida tikuv mashinalarining berilishi bilan ko‘plab opa-singillarimizning bandligi ta’minlandi, ularning doimiy daromad manbai shakllantirildi.

Umuman, Andijon shahrida ko‘rsatilayotgan e’tibor va berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida subsidiya hisobiga tikuv mashinalari olib, o‘z xonadonida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar safi tobora ortib bormoqda.
- Tikuvchilik hunarini egallaganman, lekin tikuv mashinam yo‘qligi uchun bu ish bilan shug‘ullana olmayotgan edim, - deydi G‘ayrat mahallasida yashovchi Fotimaxon Yuldasheva. – Yangi tikuv mashinasi sotib olishga esa imkonim yo‘q edi. Shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi vakillari, mahallamizda ish olib borayotgan hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli sharoitimizni o‘rganib, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishim uchun tavsiya berishdi.

Bugun men kabi ko‘plab ayollarga tikuv mashinalari berildi. Endi xonadonimda tikuvchilik bilan shug‘ullanib, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.
Andijon shahrida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turuvchi ehtiyojmand ayol va qizlar bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA