Ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 92,1 milliard so‘m kompensatsiya to‘lab berildi
Mamlakatda mavjud qonunchilikka asosan, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha belgilangan bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib berilmoqda.
2026-yilning 6 oyi davomida 562 ming 918 ta ehtiyojmand oilaga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun jami 92,1 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berildi.
Shundan elektr energiyasi uchun – 51 427,8 mln so‘m, tabiiy gaz uchun – 40 702,3 mln so‘m miqdorida kompensatsiya berildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kompensatsiya olish bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun mahalladagi ijtimoiy xodimga, tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki Agentlikning “1140” qisqa raqamli Call-markaziga murojaat qilish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA