Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi
Ko‘ngil so‘rash xalqimizga xos qadriyat. Navoiy kon-metallurgiya kombinati ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olib pensionerlar, yolg‘iz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, bolajonlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Turli bayramlar munosabati bilan kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida xayrli ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, Yangi yil bayrami oldidan kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan 1,5 mingta ehtiyojmand oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, 16 turdagi oziq-ovqat jamlanmalari tarqatildi.

Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Zarafshon, G‘ozg‘on shaharlari, Uchquduq, Tomdi va Nurota tumanlaridagi 14 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 200 ta ehtiyojmand oila va ularning farzandlariga Yangi yil sovg‘asi, kitoblar to‘plami hamda oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa etildi.

– Bayram va yaxshi kunlarda ehtiyojmand oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgan davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi G‘ozg‘on shahridagi Shayxon mahallasida yashovchi Nilufar Husaynova. – Quvonarlisi, shu kunlarda bir guruh kombinat vakillari mahalla faollari hamrohligida xonadonimizga kelib, bayram bilan tabriklagani va bolalarimiz uchun kitoblar to‘plamlarini ulashgani oilamizga xursandchilik bag‘ishladi. Buning uchun barcha tashkilotchilarga katta rahmat.


Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri