Ehtiyojmand fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining “Salomatlik sari” loyihasi doirasida Shahrixon tumanida ehtiyojmand aholi vakillari uchun bepul tibbiy ko‘rik tadbiri tashkil etildi.
O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi Ayollar muammolarini o‘rganish va ularning ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, partiyaning Shahrixon tuman kengashi tomonidan “Shifokor” xususiy klinikasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka tumandagi Terak tagi, Yangi vahm, Karnaychi, Shahrixon, Nomozgoh, Mullaboy, Buvaydo singari o‘ndan ortiq mahallada yashovchi, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, nogironligi bor hamda keksa fuqarolar jalb etildi.
[gallery-21910]
O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida ishtirokchilar lor, pediatr, oftalmolog, onkolog, endokrinolog, kardiolog, ginekolog, terapevt, urolog, nevropatolog kabi o‘ndan ortiq yo‘nalishdagi mutaxassis-shifokorlar tomonidan hamda UZI tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tekshiruvda turli xastaliklari borligi aniqlangan ayollar tegishli muolajalardan o‘tkazildi, davolanishlari uchun zarur tavsiya va maslahatlar, bir guruh ayollarga esa bepul davolanishi uchun yo‘llanmalar berildi.
– Meni keyingi paytlarda yuragim tez-tez bezovta qilmoqda, – deydi Karnaychi mahallasida yashovchi, uy bekasi Merojxon Yo‘ldosheva. – Qolaversa, tanamda shishlar paydo bo‘lib, salomatligimga, hayot tarzimga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugun partiya tomonidan tashkil etilgan tibbiy ko‘rikka kelib, kardiolog, urolog shifokorlar ko‘rigidan o‘tdim. Meni qiynayotgan xastaliklar bo‘yicha tegishli tavsiya va maslahatlar oldim. Ushbu tibbiy ko‘rik tashkilotchilariga katta rahmat.
Shuningdek, jarayonda ayollar o‘rtasida ko‘p uchraydigan xavfli kasalliklar, xususan, onkologik xastaliklar kelib chiqishi sabablari, ularning oldini olish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish, fuqarolarning tibbiy bilim va savodxonligini yuksaltirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.
Partiyaning “Salomatlik sari” loyihasi doirasidagi bu kabi tadbirlar viloyatda reja asosida davom ettiriladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari