Egilgan boshni qilich kesmas...
Joriy yilning yanvar oyida 1956 yilda tug‘ilgan Shadiyev Mavlyan Toshkent mintaqasidagi temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan.
U o‘z arizasida 2021 yil 5 yanvar kuni soat 09:30 larda temir yo‘l chiptasini sotib olish uchun «Toshkent-Markaziy» vokzalining chiptaxonasiga kelganligini, shunda chiptaxona ichidagi yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida uyali aloqa vositalarini quvvatlash uchun yaratilgan quvvatlash qutisiga o‘ziga tegishli bo‘lgan narxi 1.274.000 so‘mlik «Acer ASPIRE ONE» nomli netbukini quvvatlash uchun qo‘yganligini, lekin bir necha daqiqa e’tiborini yo‘qotgan vaqti noma’lum kimsa tomonidan mazkur «Acer ASPIRE ONE» nomli netbuki o‘g‘irlanganligini ma’lum qilgan.
Shu zahoti Toshkent mintaqasidagi temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan M.Shadiyevga tegishli bo‘lgan «Acer ASPIRE ONE» nomli netbukni qidirib topish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari jadallashtirilib, natijada M.Shadiyevga tegishli bo‘lgan «Acer ASPIRE ONE» nomli netbuk shu vaqti «Toshkent-Markaziy» vokzalining chiptaxonasiga kirib-chiqib ketgan, Samarqand viloyati Tayloq tumanida yashovchi, vaqtincha ishsiz N.N. tomonidan yashirin ravishda o‘g‘irlab olib chiqib ketilganligi aniqlangan.
Yuqoridagi holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi surishtiruv bo‘limiga o‘tkazilgan va N.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davomida M.Shadiyev «Acer ASPIRE ONE» nomli netbukini qaytarib olganligi, N.N. qilgan ishidan pushaymon bo‘lib M.Shadiyevdan kechirim so‘raganligi bois, M.Shadiyev N.N. bilan yarashuv institutlari tamoiliga asosan yarashish istagini bildirgan. Shunga ko‘ra N.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JKning 66(prim 1)-moddasi bilan tugatildi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, hozirgi kunda temir yo‘llardan foydalanayotgan yo‘lovchilarga qulayliklar yaratishda olib borilayotgan sa’y-harakatlardan ayrim fuqarolarimiz nopok niyatda foydalanishmoqda.
Otabek Mashrapov,
Transportda XTBB Tergov boshqarmasi Jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergovchisi,
kapitan