Egalik huquqini qo‘lga kiritdi
Yangiyer shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro R. Usmonqulova uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadoniga egalik huquqini qonuniy jihatdan rasmiylashtirish uchun Yangiyer shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Fuqaro murojaatida qayd etilishicha, u 2000-yildan buyon Shodiyona mahallasidagi uyda istiqomat qilmoqda, biroq xonadonni o‘z mablag‘lari hisobiga sotib olganiga qaramay, turli sabablar tufayli mulk huquqi boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan. Natijada R. Usmonqulova o‘z uyiga egalik huquqini qonuniy jihatdan tasdiqlashda to‘siqlarga duch kelgan.
O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 25 yildan ortiq vaqt davomida ushbu xonadonda uzluksiz, oshkora va o‘z mulkidek yashab kelgan. Barcha kommunal to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilgan, xonadon bir necha bor o‘z hisobiga ta’mirlangan. Ushbu holatlar qo‘shnilarning tushuntirishlari va mahalla dalolatnomalari bilan ham tasdiqlandi.
Mazkur murojaat Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaroning manfaatlari asosida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga ko‘chmas mulkka egalik qilish faktini belgilash to‘g‘risida da’vo arizasi kiritildi.
Sudning hal qiluv qaroriga muvofiq R. Usmonqulova uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadonga qonuniy egalik huquqiga ega ekani tasdiqlandi.
– Har bir fuqaroning o‘z uy-joyiga nisbatan huquqini himoya qilish – adliya tizimining asosiy vazifalaridan biri, – deydi Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Javohir Komilov. – R. Usmonqulovaning holati shuni ko‘rsatdiki, kamida 15 yil uzluksiz va oshkora yashab kelgan shaxs qonuniy ravishda o‘z mulkiga egalik huquqini qo‘lga kiritishi mumkin. Bunday qarorlar fuqarolarning huquqiy xavfsizligini ta’minlash, adolat va ijtimoiy adolatni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi 16-sonli qarorining tegishli bandlariga asosan qabul qilindi. Mazkur huquqiy normalarga ko‘ra, ko‘chmas mulkka kamida 15 yil davomida halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka nisbatan qonuniy egalik huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.
Natijada, R. Usmonqulovaning uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadonga bo‘lgan huquqi rasman tasdiqlandi, bu esa fuqarolarning o‘z uy-joyiga nisbatan huquqiy kafolatlariga yana bir isbot hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri