Echki suti yarmarkasi tashkil etildi (+video)
Poytaxtimizda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan ilk bor echki suti yarmarkasi tashkil etildi.
Unda echki sutidan qo‘lbola usulda tayyorlangan va fabrikalarda ishlab chiqarilgan turli xil mahsulotlar namoyish etildi.
Mutaxassislarning fikricha, echki sutidan xalq tabobatida bo‘g‘inlar og‘rig‘ini qoldirish, o‘t qopidagi toshlarni tushirish, uyquni mustahkamlash, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, stress, depressiya va nevrozning oldini olishda qo‘llaniladi. Asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘proq echki suti ichish tavsiya qilinadi.
Yarmarkada mehmonlar echki suti mahsulotlaridan xarid qilish va tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda echkilar soni hamda echki go‘shtidan mahsulot ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ko‘paydi.
Xususan, 2017 yilda barcha toifa xo‘jaliklarida echkilar soni 1 million boshni tashkil etgan bo‘lsa, tarmoqni rivojlantirish maqsadida berilgan imtiyozlar va preferensiyalar hisobiga joriy yil boshiga 4 milliondan oshdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/go63zih24kM" title="Echki suti yarmarkasi tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, joriy yil boshida tasdiqlangan dasturlar doirasida tarmoqda yangi loyihalarni ishga tushirish va mavjud quvvatlarni kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida tarmoqda umumiy qiymati 257,7 milliard so‘mlik 206 ta qo‘y va echkichilik loyihalari ishga tushirilib, ularda 36 ming bosh qo‘y-echkilar parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
2024 yilda chetdan jun va sut yo‘nalishidagi 15 ming boshdan ortiq echkilar olib kelinib, fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida parvarishlanmoqda.
Bugungi kunda respublikamizda O‘zbekiston oq junli, qora tivitli, oq tivitli, Zaanen, Toggenburg, Nubiy va Angor zotlari parvarishlanmoqda.
Jumladan, joriy yilning aprel-sentyabr oylarida Turkiyaning “Kayalar Group” naslchilik korxonasida 1,2 ming bosh “Angor” zotli va Rossiya Federatsiyasi “Kayral” naslchilik korxonasidan 1 ming bosh sof zotli echkilar olib kelinib, Toshkent, Namangan Andijon viloyatlariga yetkazib berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Shox Milk naslchilik” MCHJda jami 720 bosh, shundan 525 bosh Zaanen zotli naslli ona echkilar parvarish qilinmoqda. Xo‘jalikda har 100 bosh ona echkidan 105 tadan jami 550 bosh uloq olindi. Aholi va fermer xo‘jaliklariga 110 bosh naslli echkilar yetkazib berildi.
Gulnoza Boboyeva, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA