Dzyudo: “Toshkent” jamoasi muvaffaqiyatga erishdi
Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidan o‘rin olgan "Shaharlar jangi" kontinental divizion xalqaro saralash turnirining to‘rtinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Aytish lozimki, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan dzyudochilardan iborat jamoalar o‘rtasida tashkil etilayotgan ushbu musobaqaga sakkizta shahar mezbonlik qilishi belgilangan bo‘lib, uning to‘rtinchi bosqichiga mamlakatimiz mezbonlik qildi.
Turnir dasturiga ko‘ra, Oliy divizionning sakkizta mintaqasi g‘oliblari va kumush medal sohiblari superfinalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoalar finalga chiqish uchun xalqaro saralash turnirida ishtirok etadi.

"Shaharlar jangi" xalqaro seriyasi musobaqalari shu yilning 23-sentabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida boshlangan edi. Keyin Belarusning Minsk, Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shaharlarida navbatdagi bosqich bahslari tashkil etildi.
Poytaxtimiz mezbonlik qilgan to‘rtinchi bosqichda "Toshkent", "Xorazm" hamda Rossiyaning "Troitsk" va "Tyumen" jamoalari o‘zaro bellashdi.
Murosasiz kechgan bahslar natijasida "Toshkent" jamoasi "Xorazm" dzyudochilarini 13:8, "Tyumen"ni 13:4, "Troitsk"ni 13:4 hisobida yengib, to‘rtinchi mintaqa g‘olibi sifatida superfinal yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 5 million AQSH dollaridan iborat "Shaharlar jangi" Gran-pri musobaqasining finali 2027-yilning 15-24-yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA