Dzyudo bo‘yicha mahoratli sportchilarimiz Portugaliyada
Ertaga 28 yanvar kuni Portugaliyaning Almada shahrida dzyudo bo‘yicha 2022 yilning ilk xalqaro gran-pri musobaqasi boshlanadi.
O‘zbekistonning 11 nafar sportchisi dunyoning 42 davlatidan 320 nafarga yaqin mahoratli dzyudochilar ishtirok etadigan mazkur xalqaro musobaqada qatnashish uchun ko‘hna qit’aga yo‘l oldi.
Aytish lozimki, mamlakatimiz sportchilari Istanbulda qalin qor yoqqanligi sababli Portugaliyaga o‘z vaqtida uchib keta olmadi. Yilning ilk turnirida o‘zbekistonlik sportchilar qatnasha olmasligi ham mumkin edi. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mutaxassislarining sa’y-harakati bilan qisqa muddatda yo‘nalish o‘zgartirildi. Terma jamoamiz delegatsiyasi Germaniyaning Frankfurt shahri orqali Portugaliyaga yetib bordi.
Portugaliyada boshlanayotgan gran-pri bahslarida O‘zbekiston sharafini Bahrom Boturov, Mirzohid Mahammadjonov, Muhriddin Tilovov, Murodjon Yo‘ldoshev, Ramazon Allaberdiyev, Doston Meyliyev, Aqlmurodbek Xudoyberdiyev, Xalimajon Qurbonova, Gulnur Muratbayeva, Shohista Nazarova va Irisxon Qurbonboyeva o‘z vaznlarida himoya qilishi belgilangan.
Bugun – 27 yanvar kuni Portugaliyada musobaqaga qur’a tashlash marosimi o‘tkaziladi. Turnir dasturiga binoan ertaga yengil vazn toifasidagi bellashuvlarga start beriladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA