DXX kubogi: Musobaqaning Respublika bosqichi qizg‘in bahslar bilan boshlandi
Yoshlar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogining Respublika bosqichida dastlabki uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil oltinchi bor tashkil etilayotgan mazkur musobaqa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha tuman va shaharlarni qamrab olgan holda uch bosqichda o‘tkazilmoqda. Musobaqa nizomiga ko‘ra, o‘g‘il bolalar futbol va mini-futbol, qizlar esa mini-futbol yo‘nalishida bahs olib bormoqda.
Qur’a natijalariga ko‘ra, Respublika bosqichi uchrashuvlari Toshkentdagi “Bunyodkor” akademiyasi maydonlarida tashkil etilmoqda. 17-avgust kuni erkaklar va ayollar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarida bir qator e’tiborga molik natijalar qayd etildi.
Erkaklar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarining “A” guruhida Toshkent viloyati jamoasi Samarqand viloyatini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Navoiy viloyati esa Jizzax viloyati ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.

“V” guruhida Namangan viloyati Farg‘ona viloyatini 3:0 hisobida yenggan bo‘lsa, “S” guruhida Buxoro viloyati Surxondaryo viloyatidan 5:2 hisobida ustun keldi. “D” guruhida Sirdaryo viloyati Qashqadaryo viloyatini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Xorazm viloyati esa Andijon viloyati ustidan 5:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Ayollar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarida ham qiziqarli natijalar qayd etildi. “A” guruhida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Farg‘ona viloyati esa Jizzax viloyatini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

“V” guruhida Toshkent shahri Xorazm viloyatini 2:0 hisobida yengdi. “S” guruhida Sirdaryo viloyati Namangan viloyati ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. “D” guruhida Toshkent viloyati Navoiy viloyatini 5:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Buxoro viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa musobaqaning ilk turidan so‘ng jamoalar keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Respublika bosqichi bahslari 22-avgustga qadar davom etadi.
Musobaqaning hal qiluvchi — final uchrashuvlari 22-avgust kuni Toshkent shahridagi “Jar” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA