DXMda xizmat turi yana bittaga ortdi
Endi avtomobillarga benzin quyish, gaz to‘ldirish va quyish stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash loyihalarini kelishish bo‘yicha DXM ga murojaat etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 1 martdagi 111-sonli qarori bilan avtomobil yo‘llarini, yo‘l inshootlarini, temir yo‘l kesishmalarini, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘yida joylashgan AYOQS, AGTKS va AGQS (avtomobillarga benzin quyish, gaz to‘ldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash loyihalarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari mazkur masalada faqat Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi xabarida qayd etilishicha, agar ariza beruvchilar yoki ularning ishonchli vakili o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchilar nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda belgilangan shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
Bunda davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida xizmatdan YAIDXP orqali foydalanilganda imtiyoz taqdim etilgan bo‘lib, bunda ular yig‘im summasining 90 foizini to‘lashlari mumkin.
Xizmat Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlarida shu yilning 27 martidan ishga tushdi.