DXA: Samarqanddagi qarovsiz hududda bog‘ yaratildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik bilan boshlash tashabbusi ilgari surildi. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan.
Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib, yurtimizdagi barcha tashkilot, muassasa va korxonalar xodimlari tomonidan hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi va tizim xodimlari ham bu ezgu tashabbusda faollik ko‘rsatishmoqda.
Ta’kidlash kerakki, respublikamizdagi Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO bo‘limlari tomonidan shu kungacha jami 1 140 tup ko‘chatlar ekildi. Shundan, 480 tup ko‘chat manzarali, 505 tupi mevali daraxtlar hamda 155 tupi butalar hisoblanadi.

Boshqarmaning tashabbusi bilan Samarqand shahrining «Motrid» mahallasidagi qarovsiz maydon chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirildi. Bu yerga boshqarma boshlig‘i boshchiligida boshqarma va Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan 100 tup manzarali va 150 tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
— Yaxshidan bog‘ qoladi, degan hikmatli ibora bor, — deydi boshqarma boshlig‘i M.Qurbonov. — Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan ezgu tashabbus nafaqat biz, balki, kelajak avlod uchun ham muhimdir. Shu bois, unda faol ishtirok etish ham fuqarolik, ham insoniylik burchimiz hisoblanadi. Kelgusida bu maskanda qo‘shimcha bunyodkorlik ishlari olib borilib, kichik tamaddixona, bog‘ hududida o‘rindiqlar, bolalar va sport maydonchalari tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Ezgu tashabbusda bosh bo‘lgan mahalla oqsoqollarining ta’kidlashicha ushbu bog‘ga «Yangi O‘zbekiston bog‘i» nomi beriladi. Shuningdek, bog‘ hududi bosqichma-bosqich kengaytirilib, fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati