DXA: Ijtimoiy daftarlarga kirganlarga ERI kalitlari bepul berilmoqda
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jalik sohasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi «Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida aholining daromad topishiga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, agrar sohada o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirishga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Qaror bo‘yicha dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan yerlar lot (auksion)ga qo‘yilmoqda. “E-AUKSION” elektron savdo platformasiga faqat elektron raqamli imzo kaliti orqali kirish mumkin. Shuni inobatga olgan holda tuman va shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning ushbu tanlovlarda qatnashishi uchun joylarda sayyor qabullar o‘tkazib, elektron raqamli imzo (ERI) kalitlarini sayyor tartibda, bepul berishmoqda.
Jumladan, Urgut tumanining Kenagas qishlog‘ida tashkil etilgan ana shunday sayyor qabulda ham mazkur qishloq va unga tutash hudud aholisi davlat xizmatlaridan sayyor tartibda foydalanib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan mutaxassislardan huquqiy yordam olishdi. Xususan, «Yoshlar daftari»da turuvchi 9 nafardan ortiq yoshga shu kuni elektron raqamli imzo kalitlari bepul rasmiylashtirilib berildi.
— Yer olib, kichik sex ochmoqchiman, — deydi Dehqonobod mahallasida yashovchi Firdavs Qarshiyev. — Boshlanishiga 4-5 nafar, keyinchalik 15-20 nafar fuqarolarni ish bilan ta’minlamoqchiman. Ish faoliyatim ishlab chiqarishga qaratilgan. Shuningdek, yer maydoni olib, dehqon xo‘jaligi tashkil etishni ham maqsad qilganman. Ya’ni, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlar yetishtirib, ularni qayta ishlashni ko‘zda tutganmiz. Yer uchastkalari esa “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq tanlov o‘tkazish orqali ijaraga berilarkan. Shu sabab sayyor qabulda tuman davlat xizmatlari markazi xodimlaridan elektron raqamli imzo kalitini sayyor tartibda olish imkoniga ega bo‘ldim.
Shuningdek, tadbirda mazkur daftarlarga kiritilgan fuqarolarga mutaxassislar tomonidan elektron raqamli imzo kalitidan foydalanish imkoniyatlari, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulayliklar va keng imkoniyatlar, davlat xizmatlaridan foydalanishda joriy etilayotgan zamonaviy usullar mazmun-mohiyati bo‘yicha huquqiy tushunchalar ham berildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand viloyati miqyosida Davlat xizmatlari markazlari orqali 2200 dan ortiq elektron raqamli imzo kalitlari berilgan. Shundan 154 tasi ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga berilgan. Xususan, 74 tasi «Yoshlar daftari», 52 tasi «Ayollar daftari» hamda 28 tasi «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga bepul berilgan.
[gallery-5826]
Alisher ISROILOV (surat),O‘zA