Dunyoni lol qoldirgan o‘zbek bahodiri
Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari yakunlandi. O‘zbekiston delegatsiyasi 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medal qo‘lga kiritib, 45 mamlakat orasida 5-o‘rinni egalladi. Ushbu medallar orasida boks bo‘yicha 92 kilogrammdan ortiq vazn toifasida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan Bahodir Jalolovning oltin medali ham bor.
– Har bir sportchi xalqaro maydonlarda o‘z Vatani bayrog‘ini baland ko‘tarishni orzu qiladi, – deydi boks bo‘yicha amaldagi qit’a va jahon, Olimpiya hamda Osiyo o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov. – Musobaqada g‘alaba qozonib, bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbimiz cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Men o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimni amalga oshirmoqdaman. Sport bilan shug‘ullangan chog‘imda Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, qit’a hamda jahon chempioni bo‘lishni orzu qilardim. Bugun esa bu orzularim ushaldi. Ona Vatanimiz bayrog‘ini barcha yirik musobaqalarda ko‘kka ko‘tardim. Endigi maqsadim professional boksda jahon chempioni bo‘lish va Parij Olimpiadasida g‘olib bo‘lib, tarixga kirishdir. Bu maqsadlarim amalga oshishida barcha imkoniyatlar muhayyo va men ulardan albatta, unumli foydalanaman.

Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sport va jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida bugun bir qator alpqomat, bilagida tog‘dek kuchi bor, ruhan va ma’nan tetik, har tomonlama mukammal sportchilar kamol topmoqda.
Ulardan biri boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi havaskor va professional ringlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan Bahodir Jalolovdir.
Bahodir Jalolov 1994 yilning 8 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Oiladagi sog‘lom turmush tarzi, otasining sportga bo‘lgan qiziqishi sabab dastlab, futbol bilan professional tarzda shug‘ullandi. So‘ngra otasi 13 yoshli o‘g‘lini Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi va u yerda murabbiylari Rustam Saidov va To‘lqin Qilichevdan boks sirlarini o‘rgandi.
– Otam yoshligida katta kurashchi bo‘lgan. Qayerda kurash bo‘lsa, davraga chiqqan. Lekin u paytlar sport bilan shug‘ullanishga bugungiday sharoit bo‘lmagan, shu bois otamning dunyo sport maydonlariga chiqish orzusi ushalmay qolib ketgan, – deydi Bahodir. – Men sportchi bo‘lib yetishishimga undagan faqatgina bir maqsad – otamning orzusini amalga oshirish edi. Biroq musobaqalarda ringga ko‘tarilganimda ushbu maqsad bilan birgalikda yurtimiz sharafini himoya qilish va bayrog‘imizni yanada yuksaltirish kabi hissiyotlar qalbimni egalladi.
Tajribali murabbiylardan charm qo‘lqop sir-asrorlarini o‘rgangan Bahodir 2009 yili Jizzaxda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Garchi u oltin medalni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, tushkunlikka tushmadi, mashg‘ulotlarga zo‘r berdi.

Yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda toblangan bokschimiz 2013 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldi va qatorasiga uch yil mamlakat birinchiligida unga munosib raqib topilmadi.
2013-2014 yillarda u Germaniya, Bolgariya, Belarus, Ozarbayjon singari davlatlarda o‘tgan bir qator xalqaro turnirlarda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
2015 yili Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida vazni 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar bahsida bronza medalni qo‘lga kiritdi. 2016 yili Xitoyda o‘tkazilgan Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Braziliyada o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Mazkur musobaqada 22 yoshli bokschimiz chorak finaliga qadar yetib bordi. 2017 yil Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi va bir qator xalqaro turnirlarda ishtirok etdi.
Iste’dodli bokschimiz uchun 2019 yilgi sport mavsumi ham omadli keldi. U dastlab, Tailandning Bangkok shahrida aprel oyida o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. So‘ngra sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bir qator xalqaro turnirlarda ishtirok etdi. O‘sha yili Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida 6-22 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida 91 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etgan Bahodir Jalolov barcha raqiblarini yengib, jahon chempioni bo‘ldi. Chempionatning eng yaxshi bokschisi deb topildi.
Bahodir 2021-2023 yillarda bir necha xalqaro turnirlarda g‘olib bo‘ldi. Jumladan, 2021 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan Osiyo chempionati, Yaponiyada o‘tgan Tokio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahri mezbonlik qilgan jahon birinchiligida barcha raqiblaridan ustun kelib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Chin o‘lkasida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida amaldagi jahon va Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayevni yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekistonning boks bo‘yicha xalqaro darajadagi yutug‘i kundan-kunga ortib bormoqda. Mazkur sport turini yanada keng ommalashtirish va “ustoz-shogird” an’anasi orqali yosh bokschilarni yetishtirish maqsadida professional bokschilarning maktablari, xususan, Prezident qarori bilan Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etildi.

Uning bu ulkan g‘alabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan munosib baholanmoqda. Davlatimiz rahbari yengilmas sportchimizni 2019 yili “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2021 yili “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va 2023 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirladi.
Ha, bugun Bahodir Jalolov erishayotgan ulkan yutuqlarga havas qilsa arziydi. Bir sportchi uchun orzu bo‘lgan ulkan zafarlar unda bor. Uning bu g‘alabalari mamlakatimizda sportga qaratilgan ulkan e’tibor va ushbu sohada olib borilayotgan to‘g‘ri siyosat samarasidir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri