Dunyodagi eng tezkor poyezd sinovdan o‘tkazildi (+video)
Xitoyning CRRC Corporation Limited korporatsiyasi dunyodagi eng tezkor poyezd bo‘lishga da’vogarlik qilayotgan CR450 prototipini sinovdan o‘tkazishni boshladi.
Pekindagi eksperimental temiryo‘l halqasida yangi yuqori tezlikdagi elektr poyezdi ilk bor sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda ishlab chiqaruvchi kompaniya vitse-prezidenti Van Fen “Science and Technology Daily” gazetasiga ma’lum qildi
Yangi tarkiblar hozirda foydalanilayotgan va 350 km/soat tezlikka erisha oladigan CR400 Fuxing poyezdlariga qaraganda ancha yuqori tezlik bilan ajralib turadi. Van Fenning so‘zlariga ko‘ra, CR450 yuqori tezlikdagi poyezdlar nazariyasi, texnologiyasi, uskunalari, standartlari va boshqaruv tizimida kompleks yutuq hisoblanadi.
Xitoy Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, CR450 modeli sinov davomida 450 km/soat tezlikka erishgan. Poyezd turli tizimlar va texnologiyalar bo‘yicha batafsil baholanmoqda.
Shuningdek, poyezdga 4 mingdan ortiq monitoring datchiklari o‘rnatilgan bo‘lib, ular real vaqt rejimida asosiy tizimlarni – yurish mexanizmlari, kuzov, yuqori kuchlanishli tok qabul qiluvchilar, harakat boshqaruvi va yong‘inni aniqlash tizimlarini kuzatib boradi. Bundan tashqari, ultra uzoq masofani aniqlash qurilmasi xavfli vaziyatlarni oldindan sezish imkoniyatini oshiradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/36Y_tgE7fV8" title="Dunyodagi eng tezkor poezd sinovdan oʼtkazildi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ekspertlar taxminiga ko‘ra, CR450 ilk yo‘lovchilarni kamida bir yildan keyin tashiy boshlaydi.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA