Dunyodagi eng qadimiy nok bog‘i (+video)
Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Muqaddas Gannan – qalb sari sayohat" shiori ostidagi ikkinchi Global media-turizm xalqaro tadbiri doirasida ishtirok etgan 23 davlat jurnalistlari Gansu provinsiyasining Lanchjou shahri, Gannan okrugidagi Shichuan qishlog‘ida bo‘ldi.
Bu qishloqda dunyodagi eng qadimiy nok bog‘i mavjud bo‘lib, rasman “Gaolan Shichuan ancient rear orchard” deb nomlanadigan bog‘ tizimining tashkil etilganiga 600 yildan oshgan. Shu bois ham “Sariq daryo” bo‘yida joylashgan tarixiy maskan Ginnesning rekordlar kitobiga "Dunyodagi birinchi qadimiy nok bog‘i" sifatida kiritilgan. E’tiborlisi, noyob daraxtlar shonalagan davrda daryo nok g‘unchalari bilan bezanadi.

Ma’lum qilishlaricha, bog‘ maydoni 8000 gektardan ziyodni tashkil qiladi. Bu yerda 100 yoshdan oshgan 9400 dan ortiq va 300 yoshdan oshgan 2000 dan ziyod turli navdagi mevali daraxtlar bor. Eng qadimiy nok daraxtining yoshi 456 yilga yetgan, unga yonma-yon 400 yillik daraxt bo‘y cho‘zmoqda. Noklar naviga qarab deyarli yil bo‘yi meva beradi.
Yana bir ahamiyatli jihati mazkur bog‘ BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan "Global muhim qishloq xo‘jaligi merosi tizimi" ro‘yxatiga olingan.

Xitoylik bog‘bonlar jurnalistlarga nok daraxtlarini parvarishlash, yangilab borish, sug‘orish tizimi, shakl berish usullari kabi muhim agrotexnik tadbirlari haqida gapirib berdi, daraxt shoxlarini maxsus yog‘och moslamalar bilan balandga ko‘tarib parvarishlash va shakl berish usullarini amalda ko‘rsatishdi.

Nok bog‘i agro turizm maskani sifatida e’tirof etilgan. Kuniga yuzlab sayyohlar tashrif buyuradi. Bu yerda maroqli hordiq chiqarish, tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, servis xizmatlari mavjud. Ostonada sizni nuroniy bog‘bonlar asos solgan folklor guruhi qarshi oladi. Ular milliy cholg‘u asboblari yordamida qadimiy xitoy so‘zida aytiladigan mumtoz qo‘shiqlar bilan mehmonlarni bahramand etishadi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/Ehh5gPnduGw" title="Dunyodagi eng qadimiy nok bog‘i" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Rustam Oripov, Elyor Olimov (video), O‘zA