Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov 27 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga Prezidentimizning 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Buyuk g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Ularga g‘alaba ramzi hisoblangan statuetka sovg‘asi va 12 million so‘mdan pul mukofotlarini tantanali topshirdi.
Ikkinchi jahon urushiga Surxondaryo viloyatidan 53 ming 365 nafar yigit jo‘natilgan. Ularning 11 mingdan ortig‘i jang maydonlarida mardlarcha halok bo‘lgan. Ayni paytda viloyatda 1 ming 895 nafar front orti mehnat faxriylari va 27 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashamoqda.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi keng nishonlanayotgan joriy yilda muborak 96 yoshini qarshi olgan Sherali bobo Haydarov jang maydoniga yo‘l olganida 22 yoshda edi. 1943 yilning qish faslida urushga otlangan sobiq jangchi va uning safdoshlari Buxoro viloyati Galaosiyo qishlog‘ida kuzgacha tayyorgarlik ko‘rdi. Qurol-aslahalardan foydalanishni o‘rgandi. Fashistlar tomonidan ishg‘ol qilingan hududlar geografiyasi bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng dastlab poyezdda, keyin piyoda uzoq yo‘l bosib Ukrainaning Zaparoje shahriga yetib bordi.

Oddiy askar Sherali Haydarov xizmat qilayotgan harbiy batalon Kiyev shahrini fashistlardan ozod etishda jang olib borayotganida u boshidan yarador bo‘lib, daydi o‘q zarbidan hushdan ketdi. Kontuziya tashxisi bilan gospitalda uzoq davolandi. Shifokorlar yosh jangchini yana hayotga qaytardi. Jangu-jadallarda ko‘rsatgan jasorati orden va medallar bilan taqdirlandi. 1945 yil iyul oyida Surxondaryodagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Sayrobga qaytib keldi.
– Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin, bolalarim, – dedi Sh.Haydarov. – Urushni og‘izda aytish oson. Men uni naq yonayotgan olovga o‘xshataman. Bizni Ukrainada frontga kiritgan. Ne-ne zabardast yigitlarimiz shu jangda halok bo‘ldi. Hali ham bu otishmalar ko‘z oldimdan ketmaydi. Biz ko‘rgan bunday kunlarni endi hech kim ko‘rmasin. Jahonda urushning nomi o‘chsin!
Viloyat tumanlarida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ham Prezidentimiz sovg‘alari, pul mukofoti bilan birga viloyat hokimligi, harbiy xizmatchilar va boshqa davlat, jamoat tashkilotlarining esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Tantanali tadbirlarda viloyat hokimi boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar nafaqat Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yashayotgan xonadonlar balki, ularning mahallalariga bayramona shukuh ulashdi.
Jangu-jadallardan omon qaytib, ayni paytda ham biz bilan bir safda yashayotgan piru-badavlat otaxonlar Vatanimizga tinchlik, obodlik, yosh avlodga baxtu-saodat tilab, duo qilishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA