“Dunyoda eng katta ebru tasviri” Bo‘stonliqda
Bo‘stonliq tumanida joylashgan dam olish maskanida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi hamda “O‘zbekiston – mustaqillikka 33 yil” yozuvi tushirilgan “Dunyoda eng katta ebru tasviri” yaratish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatildi.
Toshkent viloyati hokimligi, “Saipro Group” MCHJ va ko‘plab hamkor tashkilotlar bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz madaniyat va san’at arboblari, tasviriy san’at ustalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, “Guinnes World Records” tashkiloti vakillari qatnashdi. Asosiy maqsad mamlakatimiz Mustaqilligining o‘ttiz uch yilligini ko‘tarinki ruhda nishonlash, davlatimiz ramzlariga hurmat tuyg‘usini oshirish, ajdodlarimiz yaratgan san’atni qayta tiklashdir.
Shuningdek, Ginnes brendi orqali dunyo hamjamiyati e’tiborini yurtimiz boy madaniy merosi va turizm potensialiga qaratish ham rejalashtirilgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, yurtimizda paydo bo‘lgan “Abri bahor” yoki “Ebru” san’ati – bu suv yuzasiga maxsus bo‘yoq bilan tasvirlar chizish bo‘lib, hosil bo‘lgan shakllar va bezaklar qog‘oz yoki matoga ko‘chirib o‘tkaziladi. Jarayon tugal amalga oshirilishi uchun rassomdan katta mahorat, bilim va tajriba talab qiladi. Ushbu Ebru tasviri bo‘yicha yangi rekord Turkiyada istiqomat qiluvchi, asli o‘zbek rassomi va Ebru san’ati ustasi Ahmed Choktan tomonidan o‘rnatildi.
[gallery-19021]
Qog‘ozga tushirilgan tasvirning eni 1,61 metr va uzunligi 12,96 metr bo‘lib, jami 20,86 kv. metrni tashkil etadi. Avvalgi eng katta Ebru tasviri (16,5 kv.metr) jahon rekordi 2009 yilda Qatarda o‘rnatilgan va 15 yil o‘tib O‘zbekistonda yangilandi.
Tadbir davomida ijodkor A.Choktan o‘z yordamchilari bilan birga mazkur ijod namunasini avval suvda tasvirlab, keyin maxsus qog‘ozga ko‘chirdi. Jarayon xalqaro ekspertlar tomonidan kuzatib borildi. Yakunda mazkur yo‘nalishda yangi jahon rekordi o‘rnatilganini tasdiqlovchi maxsus yorliq tashkilotchilar tomonidan Ebru san’ati ustasi Ahmed Choktanga topshirildi.
– Yoshlikdan amaliy san’at turlariga qiziqaman, – deydi A.Choktan. – Ebru san’ati qadimda Buxoroda, o‘zbek zaminida paydo bo‘lib, kitoblarni bezash uchun ishlatilgan. So‘ngra Movarounnahr ustalari orqali Eron va Turkiyaga tarqagan. Bu san’at orqali yaratgan asarlarim bilan Yaponiya, Germaniya, Kanada, Janubiy Koreya, Qatarda tashkil etilgan ko‘rgazma va madaniy tadbirlarda qatnashganman. Bu rekordni O‘zbekistonda tashkil etishimga sabab o‘zbek san’atini jahonga tanitish, tarix va madaniyatga berilgan e’tiborni ko‘rsatishdir.
Tadbir doirasida O‘zbekiston tasviriy san’at ustalari orasida mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi va tabiatiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston tongi” tasviriy san’at pleneri o‘tkazildi.
A.Musayev, A.Alijonov(surat, video),O‘zA.