Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Janubiy Koreya politsiyasi prezident idorasida tintuv o‘tkazishni boshladi
Janubiy Koreya politsiyasi prezident Yun Sok Yol idorasi va huquqiy boshqarmalarda tintuv o‘tkazishni boshladi, deb xabar tarqatdi “Yonhap” axborot agentligi.

Mamlakatda 3-4 dekabr kunlari joriy qilingan harbiy holatni tekshirish bo‘yicha Maxsus tergov guruhi tarqatgan bayonotda prezident idorasi, Milliy politsiya agentligi, Seul shahri politsiya boshqarmasi va parlamentni qo‘riqlash bo‘linmasida tintuv o‘tkazishga kirishilgani ma’lum qilingan. Tintuv natijalari hozircha oshkor etilmadi.
Tramp ma’muriyatiga yana bir milliarder taklif qilindi

AQSH prezidentligiga saylangan Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tadbirkor Tomas Barrakni Qo‘shma shtatlarning Turkiyadagi elchisi lavozimiga taklif qilganini yozdi. Shunday qilib, milliarder Tramp bilan birga yangi ma’muriyatda ishlaydigan milliarderlar soni o‘n nafarga yetdi.
Trampning ta’kidlashicha, Barrak o‘ttiz yil davomida xususiy investitsiya kompaniyasini muvaffaqiyatli boshqargan.
GFR kansleriga nomzod Ukrainaga “Taurus” raketasini yetkazib berish bo‘yicha bayonot berdi

GFR kansleri lavozimiga nomzod va “Xristian-demokratik ittifoqi” yetakchisi Fridrix Mersning bayonot berishicha, agar u saylovda g‘alabaga erishsa, AQSH bilan hamkorlikda Ukrainaga uzoq masofali raketalarni yetkazib berishga qaror qiladi.
Siyosatchi “Bild” gazetasiga bergan intervyusida “Men Yeropa va Amerika bilan birgalikda ukrainlarga uzoq masofali raketalarni yetkazib berish tarafdoriman”, deb aytgan.
AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishda davom etadi

AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish uchun qat’iy choralarni ko‘rishda davom etadi, deb bayonot berdi Qo‘shma Shtatlar moliya vaziri Janet Yellen.
Uning ta’kidlashicha, RFga qarshi sanksiyalar qatorida Ukrainaga 20 milliard dollar qarz berilishi Kiyev pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.
Shols va Erdog‘an: Asadning ketishi juda yaxshi voqea bo‘ldi

GFR kansleri Olaf Shols va Turkiya prezidenti Rejep Toyyib Erdog‘an seshanba kuni telefon orqali suhbatlashib, Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlab qolish zarurligini ta’kidlashdi, deb xabar tarqatdi Germaniya hukumati matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida liderlar Suriya prezidenti Bashar Asadning o‘z lavozimini tark etganini juda yaxshi voqea, deb atashgan.
G7 yetakchilari Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi

Kelayotgan juma kuni “Katta yettilik” (G7)yetakchilari videouchrashuv o‘tkazadi, unda AQSH prezidenti Jo Bayden ham ishtirok etadi, deb bayonot berdi Oq uyning strategik aloqalar bo‘yicha mas’ul vakili Jon Kirbi.
Uchrashuv kun tartibiga Suriya va Ukraina masalasi kiritilgan.
Kirbining aytishicha, G7 yetakchilari uchrashuvida boshqa masalalar ham muhokama qilinadi, biroq ular haqida Amerika ma’muriyati keyinroq ma’lumot beradi.
JSST COVID-19 pandemiyasida qancha odam qurbon bo‘lganiga aniqlik kiritdi

COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo bo‘yicha yetti milliondan ortiq o‘lim ro‘yxatga olingan, dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus o‘z brifingida.
– JSST dunyo bo‘yicha jami yetti milliondan ortiq o‘lim haqida ma’lum qilgan, biroq biz haqiqiy raqam uch barobar ko‘p deb hisoblaymiz, -dedi u.
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA