Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Rossiyaga sanksiya qachon to‘xtaydi?
Iqtisodchi, sobiq moliya vazir Mixail Zadornov fikricha, Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiya Ukrainadagi maxsus amaliyot yakunlangandan keyin ham bekor qilinmaydi.
– Sanksiya, hatto, ziddiyat (Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi – tahririyat) hal qilingandan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qoladi, – dedi u “RIA Novosti”ga bergan intervyusida. – Yangi cheklov joriy qilinmasligi mumkin, lekin amaldagisini hech kim tezda bekor qilmaydi. Zero, har bir voz chekiladigan sanksiya turi biror siyosiy-iqtisodiy almashinuv evaziga taklif etiladi.
“Castellum” tahliliy guruhi ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyigacha Rossiyaga qarshi 22 200 sanksiya amal qilgan. Eng ko‘p cheklov AQSH – 5 800, Kanada – 3 600 va Shveysariya – 3 000 tomonidan qo‘llangan.
NYT: “Hizbulloh” Isroilga Erondan avval hujum qilishi mumkin
Livandagi “Hizbulloh” harakati Isroilga javob zarbasini Erondan avval bera boshlashi mumkin, deb yozdi “New York Times” isroillik mansabdor shaxslar va g‘arb razvedka xizmati vakillariga tayanib.
“Hizbulloh” Bayrutda harbiy rahbari Fuad Shukur yo‘q qilinishiga javoban qasos olish bilan tahdid qilmoqda, Eron esa Tehronda XAMAS harakati siyosiy boshqaruv rahbari Ismoil Xaniya o‘ldirilishi javobsiz qolmasligini aytmoqda. Shu bilan birga, gazeta yozishicha, hujum ehtimoli bo‘yicha yuzaga chiqayotgan ma’lumotlar tez-tez o‘zgarib, uzuq-yuluq ko‘rinish kasb etmoqda.
Isroil ehtimoliy tahdidni qaytarishga tayyorligini ma’lum qilishiga qaramay, Eron va “Hizbulloh” bir vaqtning o‘zida “Temir gumbaz” havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi uchun muammo bo‘ladigan darajada ko‘p raketa uchirishi mumkin.
AQSH 2024 yil rekord darajada qurol sotishi mumkin
Joriy yil AQSHqurol-yarog‘ eksporti mamlakat uchun rekord darajani qayd etadi. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 100 milliard dollarga yetishi mumkin.
– 2024 moliya yilida xorijga harbiy sotuv allaqachon 80 milliard dollardan oshdi, – deyilgan bayonotda.
O‘tgan mavsum ushbu ko‘rsatkich 66,2 milliard, 2022 yil esa 49,7 milliard dollar edi. 2022 yildan keyin, ya’ni Rossiya Ukrainada maxsus harbiy amaliyot boshlagach, dunyo bo‘ylab AQSH harbiy texnikasini sotib olishga qiziqish sezilarli darajada oshgan.
Kanada yangi qiruvchi samolyotlar bilan qurollanmoqda
Kanada mudofaa vaziri Bill Bleyr o‘z bayonotida mamlakat yangi F-35 qiruvchi hamda qo‘riqlash havo samolyotlari, shuningdek zamonaviy harbiy kemalar qabul qilib olishini bildirgan.
– Kanada asosiy flotini qayta qurayotgan ekan, tez orada yangi ikkinchi avlod F-35 qiruvchi hamda bir necha qo‘riqlash samolyoti, “BAS Type-26” tizimiga moslashtirilgan harbiy kemalar oladi, – dedi u matbuot anjumanida. – Barcha kelajak qurollari Avstraliya bilan birga foydalanish rejalashtirilayotgan platforma doirasida qo‘lga kiritiladi. Kanada va Avstraliya kiber kenglikda imkoniyatni oshirish hamda fan va texnologiyada hamkorlikni yanada chuqurlashtirishni davom ettiradi.
Misr, Qatar va AQSH Isroil va Xamasni muzokarani boshlashga chaqirdi
Misr, Qatar va Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroil va XAMAS harakatini 14-15 avgust kunlari Doha yoki Qohirada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokarani qayta boshlashga chaqirdi, deyilgan Misr Prezidenti Abdul Fattoh As-Sisiy devoni tomonidan e’lon qilingan uch davlat rahbarlari qo‘shma bayonotida.
Bundan tashqari yetakchilar ko‘zlangan maqsadga erishish bo‘yicha yakuniy taklif taqdim etishga tayyorliklarini ham bildirgan.
Yermak Rossiya bilan muzokara bo‘yicha yangi bayonot berdi
Ukraina rahbariyati ayni payt Rossiya bilan muzokara o‘tkazishdan ma’no ko‘rmayapti, deya bayonot berdi Prezident Vladimir Zelenskiy ofisi rahbari Andrey Yermak “Yevropa haqiqati” nashriga bergan intervyusida.
– Biz bevosita muzokarada hech qanday ma’no yo‘qligini aniq bilamiz, – dedi u. – Umuman, bu jarayonda Ukrainaga kerak natijani ko‘rmayapmiz.
Kiyevlik mansabdor aytishicha, Ukraina hududiy yon berishga tayyor emas va yangi Minsk shartnomasiga rozi bo‘lmaydi.
AQSH aholisining Xarris va Trampni qo‘llash ko‘rsatkichi qanday?
“Ipsos” kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris mamlakat aholisi qo‘llab-quvvatlovi bo‘yicha sobiq Prezident Donald Trampdan o‘zib ketdi. Ushbu xabarni “Reyter” agentligi tarqatgan.
Tadqiqot xulosasida Xarrisni qo‘llab-quvvatlash darajasi 42 foiz, Trampniki esa atigi 37 foiz, deya keltirilgan. Respondentlar 4 foiz fuqaro tomonidan mustaqil nomzod Robert Kennedi qo‘llab-quvvatlanishini taxmin qilgan.
Vaziyat shuni ko‘rsatyaptiki, prezidentlik saylovi kampaniyasida avvalgi, ya’ni iyul oyi oxirida o‘tkazilgan tadqiqotga nisbatan keskin o‘zgarish yuz bergan. O‘shanda Xarrisni 37, Trampni 34, kichik Kennedini esa 10 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan.
2-7 avgust oralig‘ida o‘tkazilgan so‘rovda 2045 nafar katta yoshli amerikalik ishtirok etgan. Natijada xato chegarasi 3 foiz sifatida baholangan.
AQSHda prezident saylovi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
S.Rahimov,
O‘zA