Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Ukraina bo‘yicha muzokara shu yil o‘tkazilishi mumkin
AQSH prezidentligi uchun saylovda Tramp g‘alaba qozonishi Rossiya – Ukraina ziddiyatini diplomatiya yo‘li bilan hal qilishda “burilish nuqtasi” bo‘lishi mumkin. Tinchlik muzokarasini joriy yil boshlash uchun yaxshi imkoniyat bor, dedi Vengriya tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto “RIA Novosti”ga.
– O‘ylashimcha, AQSHdagi prezident saylovi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin, – dedi vengriyalik diplomat. – Fikrimcha, Tramp g‘olib chiqsa, tinchlik muzokarasini joriy yil boshlash uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘ladi. Zero, Tramp g‘alabasidan keyin AQSHning Ukraina masalasida tutgan pozitsiyasi o‘zgaradi. Mamlakat ittifoqchilari xavfsizligi uchun xarajatni cheklaydi.
Agar saylovda Donald Tramp g‘alaba qilsa, AQSH zaruratsiz urushmaydi va xavfsizlik sohasida moliyaviy majburiyatini bajarmagan ittifoqchilar uchun pul sarflamaydi, deya bayonot berdi vitse-prezidentlikka nomzod Jey-Di Vens.
– Farzandlarimizni faqat zarur bo‘lsagina, urushga jo‘natamiz, – dedi u respublikachilar qurultoyida so‘zga chiqib. – Binobarin, zarba bersak, zarbamiz juda qattiq bo‘ladi. Xavfsizligimiz uchun zimmamizga olgan majburiyat yukini ittifoqchilar birgalikda ko‘tarishiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Amerikalik soliq to‘lovchilar xotamtoyligini suiste’mol qilganlarga endi tekinga hech narsa yo‘q.
Isroil delegatsiyasi G‘azo bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Misrga keldi
Olti kishidan iborat Isroil delegatsiyasi garovda ushlab turilganlarni ozod qilish evaziga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilish uchun Misrga keldi, deb yozdi “Times of Israel” internet-nashri.
Iyul oyida Isroil va XAMAS ushbu masalada vositachilar orqali muzokarani qayta yo‘lga qo‘ygandi. Afsuski, AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil nomidan Falastin anklavidagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha yangi reja e’lon qilgandan keyin, bir oydan oshdiki, jarayon boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Isroil e’lon qilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, sektorda 120 kishi hamon garovda, ularning 40 nafari halok bo‘lgani aytilyapti.
Misr qadimshunoslari suv ostidan fir’avnlar tasvirini topdi
Qadimshunoslar Misr janubidagi Asuan muzofotida suv ostidan bir necha fir’avn tasvirini topdi. Mamlakat Turizm va qadimshunoslik vazirligi tarqatgan xabarda ular “Yangi va yanada qadimgi hukmronlar” ekani ta’kidlangan.
– Misrlik va fransiyalik arxeologlar missiyasi Amenxotep III, Tutmos IV, Psammetix II va Apriy fir’avnlarining yozuvlari va kichik tasvirlarini topdi, – deyilgan axborotda.
Vazirlik ma’lum qilishicha, izlanuvchilar maqsadi Nil daryosining Asuan to‘g‘oni atrofidagi bir necha rasmni tadqiq qilish edi. Endi Nil daryosida topilgan tasvirlarning 3D-modelini yaratish ustida ish olib borilyapti.
Polsha YAIMning 0,25 foizini Ukrainaga yo‘naltiradi
Polsha mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,25 foizini qurol va harbiy texnika sotib olishi uchun Ukrainaga beradi, degan vaziyatdan xabardor manba “RIA Novosti”ga.
Iyul boshida Polsha va Ukraina uzoq muddatli harbiy hamkorlikni ko‘zda tutadigan o‘zaro xavfsizlik to‘g‘risida bitim imzolagan edi.
Armaniston mudofaa vazirligida AQSH vakili faoliyat ko‘rsatadi
Qo‘shma Shtatlar armiyasi vakili Armaniston mudofaa vazirligida ish boshlaydi, deya bayonot berdi AQSH davlat kotibining fuqaro xavfsizligi, demokratiya va inson huquqi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya Armaniston onlayn-nashriga bergan intervyusida.
– Bu biz istayotgan jarayon, tafsilotlarni elchimiz va axborot tarqatuvchi guruhimizdan bilib olish mumkin, – dedi u. – AQSH va Armaniston o‘rtasida mudofaa-fuqarolik hamda xavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdorimiz. Shuningdek, Armaniston – Amerika munosabatlari yangi strategik darajaga ko‘tarilayotgani ham tarixiy fakt.
Isroil Livanga urush boshlashi mumkin
Isroil Bosh vaziri Yoav Galant “mamlakat kuchlari Livanga istalgan vaqt hujum qilishi mumkin”, dedi.
“Times of Israel” gazetasi yozishicha, vazir ushbu bayonotini mamlakat shimolida zaxirada turgan askarlar qarshisida aytgan. Bosqin qo‘qqisdan va tezkor bo‘lishini aytib, Isroil qaror qabul qilish chorrahasiga yaqinlashayotganini qo‘shimcha qilgan. Mulozim “Hizbulloh” harakati bilan muzokara ham tayyorligini bildirgan:
– Agar “Hizbulloh” Isroil bilan muzokara istab qolsa, BMT rezolyutsiyasida ko‘rsatilganidek, chegaradan Litani daryosi narisiga chekinsa, harakat bilan kelishamiz.
140 kilometrga cho‘zilgan Litani Bika vodiysidan Livan janubidagi Tir shahrigacha oqib boradi. Ushbu daryo mamlakatning asosiy chuchuk suvli strategik manbasi hisoblanadi.
Amerikalik admiral mamlakat muhim sohalarda
XXRdan ortda qolayotganidan xavotir bildirdi
Agar Pentagon zarur islohotni amalga oshirmasa, Xitoy Qurolli kuchlari innovatsiya yo‘nalishida Amerikadan o‘zib ketishi mumkin, dedi Pentagon harbiy innovatsiyasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan bahs-mnozarada AQSH Birlashgan qo‘mondonligi sobiq boshlig‘i admiral Mayk Mallen.
U AQSH Mudofaa vazirligi innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishning uzoq muddatli mexanizmini joriy qilishiga ishonch bildirgan va bu AQSHga yaqin o‘n yillikda raqibidan ortda qolmaslik imkonini berishini ta’kidlagan.
S.Rahimov,
O‘zA