Dunyo polvonlari Hindistonga tashrif buyurmoqda
Shu kunlarda barcha kurash ishqibozlarining nigohi Hindistonning Puna shahriga qaratilgan. Eslatib o‘tamiz, 13-Jahon chempionatining asosiy kurash bahslariga 26 noyabr kuni start beriladi. Ayni kunlarda Jahon chempionatida ishtirok etish uchun terma jamoalarning Punaga kelishi davom etmoqda. Shu kungacha 50 taga yaqin davlatning terma jamoalari Puna shahriga yetib kelgan.
Kecha g‘oliblik uchun asosiy da’vogar hisoblangan O‘zbekiston terma jamoasi ham to‘la tarkib bilan Puna shahriga yetib keldi. Terma jamoa tarkibida nomdor kurashchilar Jahon va Osiyo chempionati g‘olib va sovrindorlari ham bor.

Sitora Husanova, Hilola Ortiqboyeva, Oliya Hamidova, shuningdek, kurashimiz yulduzlari – jahon chempioni Sherali Jo‘rayev, afsonaga aylanib ulgurgan Muhsin Hisomiddinovlarning borligi 13-bor o‘tkazilayotgan jahon kurash bayramini murosasiz bahslar ostida o‘tishidan darak berib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati doirasida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining navbatdagi Kongressi ham bo‘lib o‘tadi. Puna shahriga kurash vatani bo‘lgan mamlakatimizning rasmiy sport delegatsiyasi ham tashrif buyurdi. Ular orasidan O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, shuningdek, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘rin olgan.
Mamlakatimiz delegatsiyasini Hindiston davlatining rasmiylari kutib olishdi.
R. Rajabov