“Dunyo pazandachilik hikoyalari” kitobi chop etildi
Tailandda nashr etilgan “Dunyo pazandachilik hikoyalari” kitobiga o‘zbek milliy oshxonasi ham kiritilgan. "Elite+" jurnalining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ketlin Pokrud muallifligi ostida chop etilgan kitob milliy oshxonalar to‘g‘risidagi maqolalarni o‘z ichiga olgan.
Kitobdagi ma’lumotlar Tailanddagi 45 ta xorijiy diplomatik vakolatxonalar tomonidan taqdim etilgan.
O‘zbekistonning Tailanddagi bosh konsuli Faxriddin Sultonov asrlar davomida shakllangan boy o‘zbek oshxonasi haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishgan. U osh, manti, somsa kabi mashhur taomlar, asl retseptlarni taqdim etgan.
Tailanddagi diplomatik korpuslar, davlat va xususiy sektor vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zbek taomlari, jumladan palov, somsa va an’anaviy shirinliklarni tatib ko‘rdi.
“Dunyo pazandachilik hikoyalari” kitobiga o‘zbek oshpazlik an’analarining kiritilishi o‘zbek oshxonasini xalqaro miqyosda ommalashtirish va xalqlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA