Dunyo koronavirusga qarshi urush holatida
Gʻolib boʻlishning yagona yoʻli – karantin qoidalariga rioya qilishdir.
Gʻolib boʻlishning yagona yoʻli – karantin qoidalariga rioya qilishdir.
Karantin talablariga qatʼiy rioya qilinayotgani uchun Italiya va Ispaniyada vaziyat yaxshi tomonga oʻzgara boshladi. Italiyada 5-aprel, yakshanba kuni kasallikka chalinib, kasalxonaga yotqizilayotganlar soni birinchi marta qisqargani kuzatilgan boʻlsa, keyingi kunlarda intensiv terapiya boʻlimlarida davolanayotgan bemorlar soni kamayib bormoqda.
Italiya Sogʻliqni saqlash Oliy instituti prezidenti Silvio Bruzaferro ham Italiyada bu kasallik tarqalishining pasayishiga asosiy sabab soʻnggi 15-20 kun davomida mamlakatda qattiq karantin tartiblariga amal qilingani ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Koʻrinib turibdiki, kasallik tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikning asosiy sharti oʻz vaqtida qattiq karantin tartiblari oʻrnatish va barcha tomonidan bu talablarga soʻzsiz rioya qilishdir. Kasallikka chalinganlarni aniqlash va ularni ajratish, izolyatsiya qilish, ular bilan aloqada boʻlganlarni aniqlash va ularni ham ajratish bilan bir qatorda odamlar oʻrtasidagi oʻzaro muloqotlarni kamaytirishga qaratilgan oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish ham juda muhim ahamiyatga ega.
Afsuski, aholidan uyda qolish va bevosita aloqalarni cheklash, koʻchaga faqat oʻta zarur hollarda chiqish soʻralayotganiga qaramay, ayrimlar bu masalaga nopisandlik bilan qaramoqda. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlumotlariga qaraganda, karantin eʼlon qilingandan beri oʻtgan davr davomida mamlakatimiz miqyosida 30 mingga yaqin oʻrnatilgan tartibni buzish holatlari aniqlangan. Fuqarolarimiz tomonidan har kuni 2,5 mingga yaqin karantin qoidalariga amal qilmaslik holatlari kuzatilmoqda.
Karantin – bu virus tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida koʻrilgan ilojsiz chora. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishning taʼbiri bilan aytganda, bugun butun dunyo koronavirusga qarshi urush holatida. Hech qaysi davlatning bu borada tayyor retsepti yoki ideal yoʻriqnomasi yoʻq, zarur tartib-qoidalar mana shu kurash jarayonida, kerak boʻlsa “yongʻin” tartibida belgilanmoqda. Bu xavfli kasallik tarqalishiga qarshi kurash jarayonlariga bevosita jalb qilinmagan insonlardan esa faqat bitta narsa – karantin shartlariga qatʼiy rioya qilish talab qilinmoqda, xolos.
Shunday ekan, biz fuqarolardan esa, mazkur qoidalarni ongli ravishda toʻgʻri qabul qilish, ularga rioya etish va bu bilan oʻzimizni, yaqinlarimizni va farzandlarimizni himoya qilish har bir fuqaroning davlat va jamiyat oldidagi insoniylik vazifasi sifatida qabul qilishimiz talab etiladi.
Oʻzbekiston hukumati mazkur murakkab sharoitda eng toʻgʻri strategiyani tanlagani oʻz isbotini topa boshladi. Tez fursatlarda koronavirusni yenggan mamlakatlar qatorida Oʻzbekistonning ham boʻlishini koʻrishni butun mamlakat ahli istayotgan tilak, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Anvar Eminov,
tahlilchi.