Dunyo gigantlari tan bergan Olmaliq mo‘’jizasi minglab oilalarga baraka olib keladi
Prezident tashrifidin so‘ng...
Tog‘larga tutashib ketgan ulkan konlarda ham nafas bor. Bunda minglab insonlarning mehnat shijoati, tinimsiz aylanayotgan ulkan tegirmonlarning ovozi mujassam.
Buni gigant zavodning oddiygina shovqini desangiz adashasiz. Bu O‘zbekiston sanoatining urayotgan yuragiga o‘xshaydi. Konchining yuzidagi tabassumda, kelajakka katta umid bilan boqayotgan yosh muhandisning ko‘zlarida Vatanning qudrati ko‘rinadi.

Qachonlardir faqat xomashyo yetkazib beruvchi, tabiiy boyliklarini arzon bahoda chetga chiqaruvchi bo‘lgan davrlar ortda qoldi. Bugun qalbda g‘urur. Yerosti xazinalarimizdan yuqori texnologik mahsulotlar yaratayotgan, dunyo bilan bo‘ylashayotgan qudratli davlatga aylandik.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 16-mart kuni mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Shu tarixiy tadbirda ishtirok etar ekanmiz so‘zimiz boshidagi hisni tuydik.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu muhim kun – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida shaxsan ishtirok etgani loyihaning davlat ahamiyatiga molik strategik voqea ekanini yana bir bor tasdiqladi. Davlat rahbari ramziy tugmani bosar ekan, bu O‘zbekiston sanoatining yangi davriga start berilganining ramzi bo‘ldi.

O‘zbekistonning tog‘-kon sohasi so‘nggi to‘qqiz yilda misli ko‘rilmagan transformatsiyani boshdan kechirdi. Sohada shaffof tizimning yaratilishi natijasida 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki investorlarning O‘zbekiston kelajagiga bo‘lgan ishonchidir. Hozir sohada 65 ta xususiy korxonaning muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani raqobat va sifat yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.
Natijalar esa hayratlanarli! Ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yili 270 trillion so‘mni tashkil etdi. Mamlakat byudjeti tushumlarining to‘rtdan biri aynan shu tarmoq hissasiga to‘g‘ri kelayotgani tog‘-kon sanoati iqtisodiyotimizning muhim bo‘g‘ini ekanini isbotlaydi.
Yangi fabrikaning ishga tushirilishi O‘zbekistonning jahon metallurgiya xaritasidagi o‘rnini tubdan o‘zgartiradi. Qiymati 2 milliard 700 million dollar bo‘lgan ushbu majmua 196 gektar maydonni egallagan bo‘lib, u o‘z ko‘lamiga ko‘ra “sanoat giganti” sanaladi.

Bunday ulkan loyihani amalga oshirishda Italiyaning “Wood”, Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kabi xalqaro kompaniyalari, shuningdek, “Metso”, “FLSmidth” va “Siemens” kabi jahon texnologiya yetakchilarining jalb etilishi O‘zbekistonning xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini ko‘rsatdi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu fabrika Markaziy Osiyodagi eng yirik va dunyodagi sanoqli yuqori texnologik majmualardan biridir. Yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati O‘zbekistonni mis konsentrati ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoriga olib chiqadi.
Bugungi kunda dunyo “yashil” iqtisodiyot, elektrotexnika va sun’iy intellekt sari odimlamoqda. Bu sohalarning barchasida mis eng muhim strategik xomashyo hisoblanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi.
O‘zbekiston bu borada ulkan zaxiraga ega. Birgina “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis va 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasi mavjud. Bu degani, bizning sanoatimiz kamida yana 100 yil davomida kafolatlangan xomashyo bazasiga ega. Eng muhimi, endi mis shunchaki xomashyo emas, balki tayyor mahsulot sifatida sotilmoqda. Zargarlik sanoatining 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshgani buning yorqin isbotidir.
Ushbu loyiha oddiy xalq uchun katt foyda beradi. Bu yangi ish o‘rinlari va yuqori daromaddir. Loyiha to‘liq ishga tushgach, 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori maoshli ish bilan ta’minlanadi. Bu 6 mingta oilaning farovonligi, minglab yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchi demakdir.
Zamonaviy fabrikada ishlash uchun zamonaviy bilim kerak. Shu maqsadda Olmaliqda “MISiS”, Italiyaning Piza universiteti filiallari va boshqa nufuzli oliygohlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bugungi yoshlar Kanada, AQSH va Chilining ilg‘or tajribalari asosida ta’lim olmoqda. Demak, biz nafaqat zavodlar, balki yuqori malakali muhandislar avlodini ham yetishtirmoqdamiz.
Yangi fabrikada barcha jarayonlar raqamlashtirilgan va sun’iy intellekt asosida boshqariladi. Buning natijasida energiya sarfi 10 foizga, mahsulot tannarxi 15 foizga kamayadi.
O‘zbekistonning rejalari yanada ulkan. 2030-yilga qadar mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnaga, oltinni 175 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga yetkazish maqsad qilingan. Hozirda qiymati 22 milliard dollarlik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Tez orada 4-mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi ham qad rostlaydi.
Olmaliq bag‘rida boshlangan bu yangi industrial davr mamlakatimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Bugun poydevori qo‘yilayotgan bu islohotlar ertaga minglab oilalar dasturxoniga baraka, yurtga esa beqiyos qudrat bo‘lib qaytadi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi