Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ish haqi kamaygan
2022 yilning birinchi yarmida dunyoda real oylik ish haqi keskin pasaygani aytilmoqda. Yaqinda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) dunyoda o‘rtacha ish haqi bo‘yicha tahliliy maqolasini e’lon qildi. Maqola hisobot ko‘rinishida bo‘lib, barcha mamlakatlarda maoshlar pasayishi kuzatilayotganiga e’tibor qaratgan.
XMT mutaxassislari bu pasayishni inflyatsiya, COVID-19 pandemiyasining oqibatlari va jahon iqtisodiyotining sekinlashuvi, jumladan, Ukrainadagi urush va energetika inqirozi bilan izohlamoqda.
Hisob-kitoblarga qaraganda, global o‘rtacha ish haqi real ko‘rinishda 0,9 foizga kamaygan. XMT 2008 yildan buyon ushbu mavzu bo‘yicha hisobot qilib keladi. Mazkur pasayish shu davr ichida ilk bor qayd etilmoqda.
Umumiy tushish ish haqining o‘sishi boshqa ko‘plab mamlakatlarga qaraganda yuqori bo‘lgan Xitoyni hisobga olmaganda, xuddi shu davrda global real ish haqining pasayishi 1,4 foizga baholanmoqda. Hisobotda keltirilishicha, barcha xodimlarning qariyb 60 foizini tashkil etuvchi G20 mamlakatlari orasida real ish haqi 2022 yilning birinchi yarmida 2,2 foizga kamaygan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ish haqi o‘sishi sekinlashgan, ammo 0,8 foizda ijobiy bo‘lib qoldi. Real ish haqining pasayishi davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi, Ukrainadagi urush va yirik mamlakatlarda, shu jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bandlik tarkibidagi o‘zgarishlar fonida yuz berdi, deyiladi hisobotda. AQSHda pandemiya davrida ishini yo‘qotgan va shu sababli daromadidan ayrilganlarning aksariyati kam maosh oladigan ishchilar bo‘lgan. Yuqori maoshli xodimlar esa o‘z ish o‘rinlarini saqlab qolgan. Ushbu ta’sir natijasida G20ning ayrim rivojlangan mamlakatlarida o‘rtacha ish haqi 2020 yilda 1,7 foizga ko‘tarildi, bu ko‘p yillar davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich ekani aytilmoqda. Prognozlarning pasayishi “Hozirgi noaniqlik sharoitida yuz bermoqda, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2022 yilda global iqtisodiy o‘sish prognozini apreldagi 3,6 foizdan iyuldagi 3,2 foizga tushirsa ajab emas, deyiladi hisobotda. Natijada 2023 yilda global iqtisodiy o‘sish 2-2,7 foizga sekinlashadi va ko‘plab mamlakatlar retsessiyaga duch kelishi mumkin. Bu kabi salbiy o‘zgarishlar fonida ko‘pgina ishchilar va ularning oilalarining turmush darajasi pasayish ehtimoli bor.
XMT prognozlariga ko‘ra, 2022 yil oxiriga kelib global inflyatsiya 8,8 foizni tashkil etadi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 6,5 foizga, 2024 yilda esa 4,1 foizga kamayadi. "Agar ish haqi va mehnat daromadining boshqa shakllari inflyatsiyaga moslashtirilmasa, ko‘plab ishchilar va ularning oilalarining turmush darajasi pasayib ketishi mumkin", deyiladi hisobotda.
Barqaror rivojlanish maqsadlari "Sog‘liqni saqlash sohasidagi inqiroz va Ukrainadagi urush dunyo iqtisodiy rivojlanishi uchun noqulay zamin yaratdi," deb ta’kidlaydi XMT hisoboti mualliflari. "Ammo, hatto shunday sharoitlarda ham, sog‘liqni saqlashni rivojlantirish uchun resurslarni safarbar qilishda davom etish juda muhim. Zero, bu sa’y-harakatlar sayyoramizdagi o‘ta qashshoqlikka barham berish va dunyo aholisining har biri o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan”, deydi mutaxassislar.
S.Rahimov,
O‘zA