Dubayga olib ketilayotgan salkam 2 kg oltin to‘xtatib qolindi
Davlat xavfsizlik xizmati va “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari hamkorligida Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida katta miqdordagi oltin quymalarning mamlakatdan noqonuniy olib ketilishiga chek qo‘yildi.
Xususan, “Toshkent – Dubay” yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilishni rejalashtirgan, 1980-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi shaxsning yuklari tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada unga tegishli chemodanning ichki tayanch qismiga jami
1 kg 923 gr oltin quymalar yashirilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga 1992-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan sudlangan fuqaroning aloqadorligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.