Dubayda neft tankeriga hujum qilindi
Dubay yaqinida Kuvayt neft tankeriga hujum qilinishi oqibatida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 31-mart kuni tun payti, Dubaydan taxminan 57 kilometr masofada sodir bo‘lgan. Noma’lum snaryad tankerning o‘ng tomoniga tegib, yong‘in chiqargan. Hujum dron orqali amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.
Kuvaytning KUNA agentligi jabrlangan “Al-Salmi” kemasiga hujum chog‘ida tanker 320 000 tonna neft bilan langarda turganini yozgan.
Dubay rasmiylari yong‘in qisqa vaqtda bartaraf etilgani, hech kim zarar ko‘rmagani, shuningdek atrof-muhitga salbiy ta’sir yetmaganini ta’kidlamoqda.
Mintaqaning boshqa bir necha davlati ham havo hujumi haqida xabar tarqatdi. Masalan, Bahraynda havo xavfi tovushi yangragan, Saudiya Arabistoni esa hududiga yo‘naltirilgan sakkizta ballistik raketa yo‘q qilinganini bildirgan. Mutaxassislar ushbu hodisani Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashgani bilan bog‘layapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopib, “harakatni man etish” tizimini joriy qilgach, bo‘g‘ozda 10 dan ziyod neft ortilgan tanker yo‘q qilingan.
D.Hakimov, O‘zA