Dubayda dunyodagi eng baland metro bekati quriladi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri 74 metr balandlikdagi dunyodagi eng baland metro bekati joylashgan “Dubai Metro Blue Line” bilan navbatdagi rekordni yangilashga tayyor.
“Dubai Creek Harbour” nomli jadal rivojlanayotgan hududida joylashgan ushbu stansiya “Emaar Properties Station” deb nomlanadi va kuniga 160 ming yo‘lovchini qabul qila oladi.
Ushbu bunyodkorlik Dubayning o‘sib borayotgan sayyohlik va harakatlanish bosh rejasini qo‘llab-quvvatlab, 78 ta bekat orqali metro tarmog‘ini 131 km ga uzaytiradi.

“The Times of India” nashrining yozishicha, mazkur bekat Amerikaning “Skidmore, Owings & Merrill” arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu kompaniya avvalroq dunyodagi eng baland bino Burj Xalifa loyihasini ishlab chiqqan.
Umumiy hisobda 11 ming kvadrat metr maydonni egallagan ushbu bekat faqat balandlik bilan bog‘liq emas. Taxminlarga ko‘ra, 2040 yilga kelib mazkur bekatda 70 mingdan ortiq kundalik foydalanuvchilar harakatlanadi.

Metroning ichki dizayni hashamat, an’ana va innovatsiyalarning uyg‘unligini o‘zida aks ettiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bekat BAAning iqlim talablariga to‘liq javob berib, uning uzoq muddatli chidamliligini mustahkamlash uchun mo‘ljallangan.
2009 yilda ishga tushirilgandan beri Dubay metrosi 2 milliarddan ortiq yo‘lovchini tashidi, birgina 2024 yilda kuniga 900 ming yo‘lovchi harakatlangani qayd etilgan.
2029 yilda ishga tushadigan ushbu yangi tarmoq Akademik shahar, Al-varka, “Dubai Kremniy oazis” va Mirdif kabi muhim turar-joy va biznes hududlariga borishni osonlashtiradi.
O‘.Alimov, O‘zA