Do‘stu qardoshdir azaldan o‘zbegim tojik bilan
O‘zbeku tojik urf-odati, dini, mazhabi, tarixiy ildizi, to‘y-azasi bir xalq, tillari ko‘p jihatdan hamohang, bir-birini to‘ldiruvchi, qo‘llab-quvvatlovchi el. Qadim zamonlardan Movarounnahr va Xuroson, qolaversa butun Markaziy Osiyo hududida ahil-inoq hayot kechirib kelmoqda.
Milliy adabiyoti, an’ana va qadriyatlari, san’at va madaniyati ham mushtarak shakllanib, rivojlanib kelmoqda. Shuning uchun ham o‘zbek va tojiklar haqida gap ketganda ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq deyishadi. Va bu ayni topib aytilgan gapdir. Bu xususiyat, ayniqsa buyuk mutafakkir shoirlar Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy timsolida, ularning ijodida bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.
Juda ko‘p so‘z va atamalar, jumladan vatan, diyor, dilbar, oftob, nur, muhabbat, sadoqat, sharaf, halol, or-nomus, tabiat, hayo va boshqalar o‘zbek va tojik tillarida bir xil yangraydi, qadrlanadi. Turmush tarzimiz, taomlarimizda ham o‘xshash jihatlar bisyor. Uy-joy qurish arxitekturasi, ya’ni ayvon, dahliz, tokcha, taxmon, poyga, darvozaxona, mehmonxona, dasturxon singari atamalardagi mazmun-mantiq ro‘zg‘or tutumidagi o‘xshashligimizni ifoda etadi.
Ota-onani e’zozlash, opa-singil, aka-uka, farzand-nevaraga e’tiborning juda nozik qirralari, ma’naviy rishtalari katta-katta oila va xonadonlardagi go‘zal an’analarni namoyon etib turadi.
Umuman olganda, o‘zbek va tojik xalqlari bir daryoning ikki sohili, bir ruboiyning ikki baytidek ajralmas, yaxlit va uyg‘undir. Bu azaliy aloqalar, hamkorlik va barqaror ma’naviy muhit, ayniqsa keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi, o‘zgacha shakl va mazmun kasb etdi.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston respublikasiga tashriflari va o‘z navbatida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifini alohida ta’kidlash joizdir. Mazkur tashriflar o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, yaxshi va yaqin qo‘shnichilik aloqalarini yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Davlatlararo siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hamkorlik misli ko‘rilmagan miqyos va hajmda davom etishiga imkoniyat yaratildi. Necha yillar yopib qo‘yilgan chegaralarning ochilishi, viza tartiblarining bekor qilinishi ikki mamlakat xalqlarining quda-andachilik, do‘stlik, qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlashlariga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Tojikistonning Xo‘jand va Regar shaharlarida oliy ta’lim muassasasi filiali va umumta’lim maktabi binolari bunyod etilib, o‘quvchi va talabalarni o‘z bag‘riga olgan edi. Bu yil esa shu kunlarda Samarqand viloyatining Urgut tumanida Tojikiston Respublikasi tomonidan qurilgan barcha shart-sharoit va qulayliklarga ega maktab binosi ochilish arafasida.
Samarqand viloyat Tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi ushbu imkoniyatlardan foydalanib do‘stlik, insonparvarlik, milliy va umumbashariy an’analarni mustahkamlash, adabiy aloqalarni kengaytirish, ikki millat ijodkorlari asarlarini nashr qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning natijasida keyin uch-to‘rt yilda “Saodati do‘sti”, “Aynishunoslik Samarqandda”, “Si guftor az si tor”, “Armug‘on”, “Subh ba xayr” nomli she’riy-publitsistik kitoblar chop qilindi.
Markazimiz tomonidan yil yakuniga qadar “Navro‘z dar she’ri Ajam” kitobini hamda O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” to‘plamini tojik tilida nashr etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yil boshidan buyon taniqli adabiyotshunos olim Xoliq Mirzozoda, Sadri Sa’diyev, adiblar Habib Yusufiy, Abdusalom Dehotiy, Loiq Sherali, Mirzo Tursunzoda, Hoji Abdulaziz Abdurasulov va boshqalarning xotira, ijodiy kechalari uyushtirildi.
Eng quvonarlisi, shu yil 21 mart kuni Samarqand ahli uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Navro‘z tantanalari doirasida Samarqand shahrida “Do‘stlik uyi” ochildi. Bu yerda viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda 11 ta milliy madaniy markazlar joylar ajratib berildi. Bugun barchamiz ana shu binoda, tom ma’noda yagona oila bo‘lib, jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti va yurtimizda yashayotgan millat va elatlar farovonligi uchun mehnat qilyapmiz. Bu tashabbusni yurtimizdagi umrboqiy do‘stlikka qo‘yilgan ma’naviy haykal, deb hisoblaymiz.
Akbar MAHMUDOV,
Samarqand viloyati
Tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi rahbari
O‘zA