Do‘stona munosabatlar mintaqa manfaatiga xizmat qilmoqda
Davlatimiz qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘ygani nafaqat qardosh xalqlar, balki mintaqa manfaatiga xizmat qilmoqda.
Senatorlar bu masalaga e’tibor qaratib, qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik «muzni eritish» oson bo‘lmagani, bu juda katta siyosiy iroda bo‘lganiga urg‘u berdi.
Birgina qardosh Qirg‘iziston bilan 30 yillik chegara muammosi yechilgani hisobiga 2 milliondan ziyod vodiy aholisi o‘z yaqinlari va qarindosh-urug‘lari bilan erkin bordi-keldi qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Senatning o‘ttiz sakkizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqish jarayonida yuqoridagi fikrlar e’tirof etildi.
Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligi o‘zgarmas qoida sifatida mustahkamlangani qayd etildi.
Ushbu qat’iy norma jonajon Vatanimiz mustaqilligini asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, «Inson qadri uchun» tamoyiliga asoslangan islohotlarni jadal davom ettirish hamda huquq ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.

Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda ahil qo‘shnichilik va strategik hamkorlikka sodiq qolishini qayd etdi.
O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik prinsiplari bilan bir qatorda davlatlar hududiy yaxlitligi prinsipining ham e’tirof etilishi yurtimizning xalqaro huquqning umume’tirof etilgan g‘oyalariga sodiq ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada oshiradi.
O‘zA