Doston Otabolayev O‘zbekiston karatesida yangi sahifa ochdi
O‘zbek karatechisi tarixda ilk bor jahon chempionatining finaliga yo‘l oldi.
Bugun, 16 noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida karate bo‘yicha boshlangan jahon chempionati bahslari o‘zbekistonlik sportchilar uchun omadli boshlandi.
Chempionatning ilk kungi bahslarida hamyurtimiz Dostonbek Otabolayev 75 kilogramm vazn toifasidagi barcha janglarni muvaffaqiyatli o‘tkazib, yarim finalda AQSH vakili Tomas Skottni mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi.

Aytish lozimki, Tomas o‘z vaqtida karate bo‘yicha bir necha bor pan Amerika chempionligiga erishgan mahoratli sportchi hisoblanadi. U yarim final ostonasida ozarbayjonlik olimpiya o‘yinlari sovridori Rafael Agayevni mag‘lub etgandi.
Jahon chempionati dasturiga binoan 20 noyabr kuni Otabolayev misrlik Abdulalziz Abdulla Mamdu bilan oltin medal uchun jang qiladi.
E’tiborli jihati, olimpiya sport turlari tarkibiga kiritilgan karate WKF yo‘nalishida o‘zbekistonlik sportchi tarixda ilk bor rasmiy jahon chempionatining finalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Yanada quvonchlisi, Doston saralash bahslarida o‘z matonati va professional hatti-harakati bilan bir qator olimpiya o‘yinlari ishtirokchilarini tatamidan bosh egib chiqishga “ko‘ndira oldi”.
Dunyoning 105 davlatidan ming nafarga yaqin karatechilar ishtirok etayotgan mazkur jahon chempionatida 8 nafar Tokio olimpiadasi g‘olibi, o‘nlab qit’a va dunyo chempionlari, shuningdek, Gennisning rekordlar kitobiga kiritilgan ispaniyalik Sara Sanches kabi yengilmas karatechilarning Dubay tatamilarida jam bo‘lganligi nufuzli musobaqaning nechog‘lik shiddatli kechayotganidan dalolat bermoqda.

Jahon chempionti kata va kumite yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tmoqda. Bugun karatening kumite yo‘nalishi bo‘yicha 5 ta vaznda finalchilar nomi aniqlandi.
Eslatib o‘tamiz, Dubayda davom etayotgan dunyo birinchiligida O‘tkam Bekpo‘latov murabbiyligidagi 15 nafar karatechimiz O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.
Chempionat nizomiga ko‘ra, musobaqaning barcha vaznlaridagi saralash va yarim final bellashuvlari 16-19 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning final bahslari esa 20-21 noyabr kunlariga belgilangan.
To‘lqin Ro‘ziyev. O‘zA