Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘landi
Sirdaryo viloyatining qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh Xovos tumanidagi Xovosobod, Oqchangal, Sharqobod mahallalarida tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlik bayrami keng nishonlandi.
Erta tongdan boshlangan bayram sayillariga davlat va nodavlat tashkilotlari qatori xovosliklar ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdi. Milliy o‘yinlar, sport musobaqalari, kitoblar ko‘rgazmasi, rasmlar chizish tanlovi, turli millatlarning milliy taomlar ko‘rgazmasi va konsert dasturlari namoyish etildi.
–Tumanda turli millat va elat vakillaridan iborat 101 ming nafar aholi istiqomat qiladi, –deydi Xovos tumani nuroniylar jamg‘armasi raisi, "Do‘stlik" ordeni sohibi Sherbo‘ta Pirimqulov. –Ko‘rib turganingizdek, ular bir-birlari bilan juda yaqin, quda-anda bo‘lib ketishgan. Bundan tashqari, har bir millatning o‘ziga xos, o‘ziga mos folklor jamoalari bor. Ular tomonidan mahallalarda, turli tadbirlarda kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, milliy urf-odatlari targ‘ib qilinadi. Eng asosiysi, Xovos tumanining Xovosobod mahallasida do‘stlik va hamjihatlikni ulug‘lovchi juda katta tadbir o‘tkazilyapti. Buning o‘ziga yarasha sababi bor. Chunki, ushbu mahallada istiqomat qilayotgan aholining deyarli 80 foizini tojik millatiga mansub aholi tashkil etadi.
[gallery-22592]
Mazkur o‘tkazilgan tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etib, nafaqat xovosliklarni, balki Sirdaryoda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarini do‘stlik va hamjihatlik bayrami bilan qutladi.
Sardoba tumanining Qo‘rg‘ontepa, Yangiqishloq mahallalarida ham bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Xovos tumanining Xovosobod mahallasidan farqli o‘laroq Yangiqishloq aholisining 70-80 foizini qirg‘iz millatiga mansub tub aholi tashkil etadi.
— Mana bugun O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan do‘stlik, hamjihatlikni ulug‘lovchi bayram tadbirlarida ishtirok etayotganimdan behad xursandman, – deydi "Qirgыz tuusun" gazetasi muxbiri Barno Ismonova. – Chunki o‘zbek bilan qirg‘iz bir biri bilan azaldan yaqin do‘st, qarindosh bo‘lgan. Buni urf-odatlarimizdan ham bilsa bo‘ladi. Bugun Sardoba tumanining Yangiqishloq mahallasida o‘tkazilayotgan do‘stlik bayramini ko‘rib o‘z qishlog‘imda yurgandek o‘zimni baxtli va baxtiyor his etdim. Muhimi, ko‘zimga quvonch yoshi keldi. Bunday sharoit, bunday imkoniyat yaratib berayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiraman. Chunki ikki mamlakatning tili boshqa bo‘lgani bilan urf-odati, madaniyati, eng asosiysi suvi, osmoni, bozori bir.
– Bugun o‘tkazilayotgan bayram tadbirida qirg‘iz, o‘zbek, tojik, rus, tatar, qozoq, koreys va boshqa millat vakillari o‘zlarining milliy kiyimi, urf-odatlari, milliy taomlari bilan qatnashyapti,– deydi Qirg‘iz milliy madaniy markazi a’zosi, mehnat faxriysi Usmon Rahmonov.– Qirg‘iz bo‘lsam-da, qudalarim o‘zbek. Ular bilan yaqin qarindoshdek bo‘lib ketganmiz. Yurtimizdagi tinchlik, osryishtalikka ko‘z tegmasin. Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin.
Poytaxt va viloyatdan tashrif buyurgan san’at ustalarining vatanni, yurtni, do‘stlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlari “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori ostida o‘tkazilgan do‘stlik bayramiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
G‘ulom PRIMOV,
Shahriyor ORTIQBOEV (surat-video)
O‘zA muxbirlari