Do‘stlik mahallasida Navro‘z shodiyonalari
Navro‘z – yangilanish va yasharish bayrami. Ushbu quvonchli kunning kirib kelishi bilan ko‘pgina o‘zbek oilalari milliyligimizni ifoda etuvchi sumalak, halim, ko‘k somsalar, palov kabi totli-mazali taomlarni tayyorlab, bir-birlariga ulashadilar.
Ana shu saxiylik va qadriyatlarni e’zozlash fazilati o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan an’anadir. Asriy urf-odatlarimizni davom ettirish maqsadida davlatimiz rahbarining joriy yil 17 fevraldagi “2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, mazkur quvonchli shodiyona joylarda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya ostida keng nishonlanmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida “Assalom, Navro‘z!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda mahalla ahli, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi fuqarolar, mehnat faxriylari hamda afg‘on urushi qatnashchilari ishtirok etdilar.
Bayram tadbiri davomida 42-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan raqs dastalari, ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga shodlik ulashdi.

– Mahallamizda 7 ta millat fuqarolari bo‘lganligi uchun ham unga “Do‘stlik” nomi berilgan, – dedi “Do‘stlik” MFY raisi Abdurahim Tastanbekov. – Bu yerda hamma bir-biri bilan yaqin qavmu-qarindoshdek inoq bo‘lib ketishgan. bugungi o‘tkazilayotgan Navro‘z bayramining uyushtirilishida ham qo‘shnilarning o‘zaro ahilligini kuzatishingiz mumkin. Tadbirimizda yon atrofdagi maktab o‘quvchilarining namoyishli chiqishlari, madaniyat sohasining havaskorlari tomonidan aytilgan qo‘shiqlar qatnashchilarning madaniy hordiq chiqarishlariga yordam berdi. Ularning yuzlaridagi quvonchni ko‘rib ko‘nglingiz yayraydi.
3 ming 216 nafar fuqaro istiqomad qiluvchi “Do‘stlik” mahallasi 2006 yilda tashkil qilingan bo‘lib, mazkur makonda hozirgi kunga qadar sezilarli ishlar amalga oshirilgan. Ayniqsa, mahalla yo‘llarining qayta ta’mirlanib, yangi maktab va bog‘chalarning qad rostlagani dilni quvontiradi.

Insonlarga quvonch ulashgan mazkur tadbirda milliy qo‘shiqlarimiz yangradi. O‘rta davralari tashkil qilinib, kattayu-kichik raqsga tushdi. Shu bilan birga, tashkilotchilar tomonidan azaliy urf-odatlarimizga muvofiq tarzda bezatilgan dasturxonlarga bahoriy taomlar, shirmoy kulchalaru patirlar hamda issiqqina palov tortildi. Bayram so‘ngida yoshi keksalar tomonidan yurtimiz tinchligi, turmushimiz farovonligi yo‘lida qilingan duolar barchaning diliga nur, ko‘ngliga huzur bag‘ishladi.
Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari hamrohligida salomatligi yomonligi sababli tadbirda ishtirok eta olmagan 65 nafar nogiron va keksa fuqarolarga ham palov tarqatilib, ularning holidan xabar olindi.
Shirinxon MO‘MINOVA, O‘zA