Dorilomon yanada obod maskan bo‘ladi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joylarda keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Natijada tumanlar, qishloqlar qiyofasi, infratuzilmasi tubdan yaxshilanmoqda, aholining turmush farovonligi ortmoqda.
Ayni kunda 350 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Shahrixon tumani nafaqat Andijonning, balki mamlakatimizning eng obod maskanlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Shahrixon tumanidagi hunarmandchilik, dehqonchilik, tijoratchilik tajriba maktablari dovrug‘i keng tarqalgan.
Joriy yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida tumandagi Dorilomon va Quruqsoy mahallalarida umumiy qiymati 21 milliard 267 million so‘mdan ziyod hajmdagi qurilish, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Dastur doirasida mahallalarda 8,9 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash, 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish, 13,5 kilometr uzunlikdagi suv tarmog‘ini qurish va ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 4 ta transformator, eski yog‘och ustunlar o‘rniga beton tayanch ustunlar o‘rnatish, 16 kilometr elektr tarmog‘ini tortish, gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 4 ta gaz taqsimlash punktini ta’mirlash, 0,5 kilometr uzunlikdagi yangi gaz tarmog‘ini tortish, aholiga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish, aloqa va axborotlashtirish tizimini yaxshilash maqsadida 6,2 kilometr aloqa tarmog‘ini tortish belgilangan.
Bundan tashqari, mahallalarda 2 kilometr piyodalar yo‘lakchasi barpo etish, 1 kilometr irrigatsiya tizimini qurish va ta’mirlash, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari, mahalla guzari, savdo shoxobchalari qurish, shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlari – bitta maktab va bitta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yilning deyarli yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, tumandagi Dorilomon mahallasida “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlar boshlanmasdan turdi. Buning sababini bilish uchun mahallada bo‘ldik.
Ayni kunda mahalladagi 500 dan ziyod xonadonda 3 ming 100 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahallada aholi bandligini ta’minlash, turmush farovonligini yuksaltirish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– “Obod mahalla” dasturi asosida erta bahorda ko‘rimsiz, avariya holatdagi mahalla fuqarolar yig‘ini binosi kapital ta’mirlandi, – deydi MFY raisi Yodgorbek Qo‘chqorov. – Butunlay yangicha qiyofa kasb etgan idorada samarali ishlash uchun barcha sharoitlar yaratildi. Shuningdek, ko‘chalar obodonlashtirilib, gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mahalla faollarining ta’kidlashicha, shundan keyin ishlar to‘xtab qolgan.
– Yil boshida mahallamiz “Obod qishloq” dasturiga tushganini eshitib juda xursand bo‘lgan edik, – deydi Dorilomon mahalla faollaridan biri Oybek Rasulov. – Dastur asosida bajariladigan ishlar natijasida aholini qiynab kelayotgan ko‘p muammolar ijobiy yechimini topadi. Lekin yil yarimlasa hamki dastur doirasidagi yo‘l, gaz, elektr va ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq ishlar boshlanmadi. Mahallamizning sobiq raisidan buning sababini so‘rab, aniq javob ololmadik. Shundan so‘ng viloyat hokimining sayyor qabuliga borib, muammoni yetkazdik.
[gallery-7833]
Viloyat hokimi uzog‘i bir haftada ish boshlanadi, deb mutasaddilarga topshiriq berdi. Aytilganidek, bir hafta o‘tmasdan tuman “Suv ta’minoti” korxonasi vakillari kelib, ish boshlashdi.
– Mahallada jami 6,5 kilometr suv tarmog‘i ta’mirlanadi, mahallaning Shohko‘cha ko‘chasiga 1,8 kilometr yangi suv tarmog‘i tortiladi, – deydi tuman “Suv ta’minoti” korxonasi rahbari Hasanboy Tojiboyev. – Imkoniyatlarimiz yetarli, dastur doirasida belgilangan ishlarni sifatli, o‘z muddatida yakunlaymiz, mahalla aholisining ichimlik suv masalasidagi muammosi to‘la bartaraf etiladi.
Dastur doirasidagi ishlar nima sababdan to‘xtab qolganligi, yilning yarmi o‘tsa-da asosiy ishlar boshlanmaganligini so‘rab, tuman hokimligiga murojaat qildik.
– Mutasaddi muassasalar tomonidan loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, bajariladigan ishlar bo‘yicha tender tanlovini o‘tkazish biroz kechikdi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Ilhomjon Ahmedov. – Hozirda qator yo‘nalishlar bo‘yicha bajariladigan ishlar loyihalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tasdiqlandi, tender tanlovlari o‘tkazildi. Suv ta’minoti korxonasi tomonidan ishlar boshlab yuborildi. Suv trubalari ko‘milib bo‘lingach, yo‘llarni ta’mirlash ishlari boshlanadi, 3 kilometr uzunlikdagi mahalla yo‘liga sement-asfalt yotqiziladi.
Shu kunlarda elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari ham ish boshlaydi. 2 ta transformator o‘rnatilib, 10 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog‘i tortiladi, eski ustunlar yangisiga almashtiriladi. Boshqa yo‘nalishlardagi ishlar ham tez kunlarda boshlanadi. Mahalladagi 49-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 1972 yilda qurilgan. Aslida 90 o‘rinli, lekin moslashtirilgan mazkur muassasada hozirda 250 nafar bola tarbiyalanmoqda.
– Qariyb yarim asr avval qurilgan bog‘chamiz binosi yangilanishga muhtoj, – deydi MTT mudirasi Gulzoda Mamarasulova. – Mutaxassislar kelib, bog‘chamizni ko‘rib, loyihalar tayyorlab ketdi. Nasib etsa, “Obod qishloq” dasturi doirasida bog‘chamiz uchun yangi bino qurib beriladi. Bu nafaqat bolajonlarni, bog‘cha jamoasini, balki butun mahalla aholisini behad quvontiradi.
Dorilomon mahallasida turli sabablarga ko‘ra, kech boshlangan “Obod qishloq” dasturida belgilangan ishlar ishonamizki, bundan buyon to‘xtab qolmaydi. Mahalla rivojiga, aholining turmush farovonligini yanada oshirishga, odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga xizmat qiladigan dastur doirasidagi ishlarning bajarilishini biz ham kuzatib boramiz.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov,O‘zA