Dori-darmonlarning maksimal chakana narxlari toʻgʻrisida telegram bot orqali maʼlumot olish mumkin
Isteʼmolchilar virusga qarshi va isitma tushiruvchi dorilarning asossiz yuqori narxlaridan shikoyat qilmoqdalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun @dorinarx_bot telegram botining ishga tushirilishining rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Soʻnggi vaqtlarda, dorixonalarda bir qator dori-darmonlarning yetishmasligi va narxlarini sunʼiy ravishda yuqori baholash holatlari kuzatilmoqda.
Isteʼmolchilar virusga qarshi va isitma tushiruvchi dorilarning asossiz yuqori narxlaridan shikoyat qilmoqdalar.
Mazkur loyihadan koʻzlangan maqsad isteʼmolchilarga dori-darmonlarning maksimal chakana narxi toʻgʻrisida maʼlumot olishlari uchun imkoniyat yaratishdan iborat. Mazkur telegram bot orqali dori vositalari narxlarini tartibga solishning belgilangan qoidasiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik mexanizmi joriy qilinadi.
Taqdimot tadbirida agentlik tomonidan bunday axborot tizimining qulayliklari, foydalanish tartib-qoidalari, mavjud maʼlumotlar haqida maʼlumotlar berib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muvofiq chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, dori-darmonlar narxlari boʻyicha ishonchli va aniq maʼlumotlarning mavjud emasligi jamiyatda haqli norozilikka olib keladi.
Har bir isteʼmolchi sotib olishdan oldin dori mahsulotning chegaraviy narxidan xabardor boʻlish huquqiga ega.
Bugungi kunda mamlakatimizda 18 million isteʼmolchi telegram messenjeridan foydalanmoqda. Isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan @dorinarx_bot da dori vositasini xalqaro patentlanmagan nomi yoki savdo nomi boʻyicha izlash imkoniyati mavjud.
Isteʼmolchilar uchun @dorinarx_bot da quyidagi maʼlumotlar mavjud:
savdo nomi, dozasi, qadoqlangan soni va qadoq turi, ishlab chiqaruvchi nomi, xalqaro patentlanmagan nomi, maksimal chakana narxi.