Don – dasturxonimiz fayzi, mo‘l daromad manbai
Joriy yilda Surxondaryo viloyati g‘allakorlari 89ming 325 gektar maydondagi boshoqli don ekinlarining har gektaridan o‘rtacha 86 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallamoqda. Yoki o‘tgan yilgi xirmonga nisbatan har gektar yerdan 9,5 sentnerga ko‘p don yig‘ib olinadi.
G‘allachilikda boy tajribaga ega viloyat dehqonlari bu marrani egallash uchun erta kuzdan sifatli shudgorlangan 89 ming 325 gektar maydonga baraka urug‘i sepib, bir tekis undirib oldi. Ob-havoning g‘allakorlar uchun mo‘’tadil kelgani o‘tgan davrda maysalarni mavjud agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlab, bo‘liq hosil to‘plashga xizmat qildi. Bahor faslining nisbatan iliq kelayotgani boshoqlarning ertaroq pishib, yetilishiga olib keldi. Shu kunlarda viloyatning Termiz, Jarqo‘rg‘on, Angor, Muzrabot kabi tumanlaridagi ertagi g‘allazorlarda maysalar oltindek tovlanmoqda.

Don – dasturxonimiz fayzi. To‘kin turmushimiz, farovon hayotimiz belgisi. G‘allakorlar uchun daromad manbai. Shu bois ham yurtimizda dehqonlar boshoqli don parvarishiga kuzdan to maysalar pishib yetilguncha o‘zgacha mehr beradi. Hosili pishib qolgan dalalardagi boshoqni tez kunlarda misqoligacha yig‘ishtirib oladi. Jumladan, o‘tgan yil ham voha g‘allakorlari mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanib, 89 ming 300 gektar maydonda boshoqli don yetishtirdi. G‘alvir suvdan ko‘tarilganda qabul maskanlariga 18 ming 252 tonna urug‘lik, 229 ming 667 tonna tovar don topshirib, rejani ortig‘i bilan bajardi. O‘rtacha hosildorlik 76,5 sentnerni tashkil etdi.

Bu yil 89 ming 325 gektar asosiy maydonda mahalliy iqlimga mos, serhosil g‘alla yetishtirilmoqda. Shuningdek, 8 ming gektar maydonda chorva ozuqasi uchun va 782 gektar bog‘, tokzor qator oralarida boshoqli don parvarishlanmoqda. Mavjud maydonlardagi hosilni chamalab ko‘rgan g‘allakorlar har gektar yerdan o‘rtacha 86 sentnerdan xirmon ko‘tarishni rejalashtirmoqda.

Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislarining aytishicha, vohada boshoqli don hosildorligining yildan-yilga oshayotgani o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bu davlatimizning boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirish, yuqori sifatli urug‘lik materiallari tayyorlash, agrotexnologiyaning ilg‘or usullarini qo‘llash va fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish, boshoqli don xarid narxlarini oshirish yuzasidan amalga oshirayotgan islohotlari natijasidir. Kafolatlangan boshoqli don hosili yetishtirishda fermer xo‘jaliklarining mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, begona o‘t, zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish, suspenziya sepish kabi muhim agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilayotgani samarasidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda joriy yilgi hosildorlikni yanada oshirish uchun har gektar maydonga uch tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arilib, har besh gektar g‘allazorning suv kirish qulog‘iga bittadan xandaq qazildi. Begona o‘tlarga qarshi gerbitsid, “Zang” kasalligining oldini olish uchun fungitsid, zararkunandalarga qarshi insetoakaritsid moddalari bilan ishlov berildi. Maysalarni maxsus purkagichlar yordamida suspenziya usulida bargidan oziqlantirishga e’tibor kuchaytirildi. Belgilangan muddatlarda sug‘orilib, bahorgi azotli o‘g‘it bilan oziqlantirildi.
Bu yil hosil nisbatan ertaroq pishib yetilayotgan Muzrabot tumani g‘allakorlari 12 ming 500, jarqo‘rg‘onliklar 7 ming 877, angorliklar 6 ming, Termiz tumani g‘allakorlari 2 ming 900 gektar maydondagi boshoqli donni o‘rib-yig‘ib olish uchun puxta hozirlik ko‘rdi. O‘rim kombaynlari va don tashish texnikalari shay holatga keltirildi.
Viloyatning Sho‘rchi tumanida 187 fermer xo‘jaligi 6 ming 347 gektar maydonda bug‘doyning hudud iqlimiga mos, serhosil, ertapishar “Alekseyvich”, “Grom” navlarini ekib, parvarishladi. Barcha agrotexnik tadbirlar tajribali g‘allakorlar maslahati asosida amalga oshirilib, mo‘ljaldagi hosil to‘plandi. Bepoyon maydonlarda sarg‘aya boshlagan g‘alla hosilini nobud qilmay yig‘ib olish uchun tayyorgarlik ishlari ham boshlandi. Shu maqsadda 9 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etilib, 21 ta yuqori unumli zamonaviy kombayn mavsumga taxt qilib qo‘yildi.
Dolzarb mavsumni qisqa kunlarda yakunlashni rejalashtirayotgan tuman g‘allakorlari bu yil qabul maskanlariga 23 ming 490 tonnadan ortiq sara don topshirishni ko‘zda tutmoqda. Bu xirmonga tumandagi Mulkomonov To‘ramurod fermer xo‘jaligi g‘allakorlari ham munosib hissa qo‘shishga bel bog‘lagan.
– O‘tgan yil kuz faslida 42 gektar yerga super elita avlodiga mansub “Alekseyvich” navli bug‘doy urug‘ini ekib, bir tekis ko‘kartirib olgan edik, – deydi tajribali fermer Abdurashid Mulkomonov. – Sakkiz nafar dehqonimiz betinim mehnat qilib, barcha agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirdi. Belgilangan muddatlarda sug‘orib, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirdi. Begona o‘tlardan tozaladi. Natijada mo‘l hosil to‘plandi. G‘allazor o‘rimga tayyor bo‘lishi bilan yig‘ishtirib olishni boshlashga hozirlik ko‘ryapmiz.
Viloyatning Qiziriq, Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo kabi tumanlarida ham hosilni isrof qilmay, yig‘ishtirib olish uchun tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yumushlarning barchasi tinch, osuda yurtimizda dasturxonimiz to‘kinligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri